30 yil kutganimiz 3 yilda bo‘libdi
Aslida Samarqandning Urgut tumanida tug‘ilib o‘sganman, shu yerda maktabni tugatdim. Keyin universitetda tahsil olib, “Zarafshon” gazetasida bir muncha muddat ishladim. Keyingi hayot yo‘lim va faoliyatim Angliya davlati bilan bog‘langan ekan. Mana, qariyb 20 yildirki o‘sha yerda yashayman, ishlayman. Samarqandga, qarindosh, do‘stlarimni ko‘rishga tez-tez bo‘lmasa-da, har ikki-uch yilda bir kelib turardim. Shu yil ham ta’tilimni Samarqandda o‘tkazish nasib etdi.
To‘g‘risi, Samarqandda o‘tgan bu galgi ta’tilim esda qolarli bo‘ldi. Samarqand, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Urgut tumanidagi o‘zgarishlardan hayratlandim. Qisqa muddatda Samarqandda bunday katta yangiliklar sodir bo‘lganidan zavqlandim.
Hammasi aslida aeroportdan boshlandi. Ilgarigi tekshiruvlar, senga xuddi dushmanday qarashlar yo‘qolgan. Yo‘lovchilarga “Xush kelibsiz, yaxshi boring” kabi chiroyli muomalani ilgari tasavvur ham qilolmasdik.
Kelganimdan so‘ng qishlog‘imizdagi, odamlarning yashash tarzidagi keskin o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlandi. Odamlar ilgarigiday uylarni faqat har zamonda keladigan mehmonlar uchun qurmaydigan bo‘lishibdi. Ixcham, qulay, bolalar uchun ham ajratilgan xonalari mavjud, hojatxona, yuvinadigan xonalari bor, oshxonasida rakovina, issiq-sovuq suv qilib, sharoit yaratib olishgan ko‘pchilik.
Ancha yil qishlog‘imda bo‘lmaganim uchunmi, bu yangiliklar katta natijaday tuyuldi menga, lekin qishloqdoshlarim bunga allaqachon ko‘nikib ketishgan. Biz qishloqda har bir uyda vanna, zamonaviy hojatxona bo‘lishini hatto orzu qilmasdik, guyoki bu faqat shaharga xos bo‘lgan sharoitlarday qiynalib yurganimizga hayron qoldim.
Yana bir masala, bolalar, ularning bilim olishga qiziqishi kuchaygani bilan bog‘liq edi. Qishloqda paytim Angliyadagi hamkasb, do‘stlarim bilan suhbatlashishimga (tabiiyki ingliz tilida) to‘g‘ri keldi. (Aytgancha, internet tezligi oshganini aytmasam bo‘lmas). Suhbatimni tugatgach, maktabda o‘qiydigan jiyanlarim telefondagi suhbatim mavzuiga qo‘shimchalar kiritdi. Shunda tushundimki, ular allaqachon fikrlarimni uqib, ma’nosini chaqib o‘tirishibdi. O‘n yillab ingliz tilini o‘rgansak-da, maktabni tugatib ham bir jumlani eplab gapira olmaganimiz esimga tushdi.
Samarqand shahridagi kichik sayohatim davomida uning misli ko‘rilmagan qiyofaga kirganini ko‘rib, faxrlanib ketdim. Samarqand shahridagi ko‘chalarning tubdan o‘zgargani, yo‘llariyu, turli servis xizmatlar, ko‘cha landshafti – hamma-hammasi o‘zgargan. Xotiramizda chiqindi to‘la ko‘chalariyu, “po‘sht, arava” qichqiriqlari bilan qolib ketgan tarixiy maskan Siyob bozori atroflarini tanimadim, hatto.
Boqiy shahar, Konigil turizm qishloqlari esa Samarqandning yana bir mo‘’jizaviy maskaniga aylanibdi. Bu yerdagi tabiat bilan uyg‘unlashgan tarixiylik va bir paytning o‘zida bu qiyofaga o‘zgacha nur qo‘shgan zamonaviylik kishini maftun etadi.
Bu maskanlarda bo‘la turib u yerlar nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlar bilan ham gavjum ekaniga guvoh bo‘ldim. Aholining sayohatga qiziqish bildirayotgani, oilaviy dam olishga intilayotgani bu oddiygina gap emas. Bu – odamlarning yashash tarzi, turmush sharoiti ancha yaxshilanganidan darak beradi.
To‘g‘ri, hali servis sohasida biroz kamchiliklar kuzatildi, yolg‘iz sayohatga chiqqan chet elliklardan ko‘proq pul undirish kabi nuqsonlar haliyam bor. Ularni ham vaqti bilan bartaraf etish lozim, deb o‘ylayman.
Xullas, bu galgi Samarqand menga butunlay yangicha qiyofa va ruhda namoyon bo‘ldi. U yerdan Buyuk Britaniyaga ketgim kelmadi, hatto.
Zohida MILNE-BOYMATOVA, Londondagi GETJAR LIMITED kompaniyasi hisobchisi.