4 nafar o‘qituvchi shpargalka sabab toifasidan ayrildi
Samarqand davlat universitetida oliy va 1-toifaga da’vogar bo‘lgan o‘qituvchilar uchun malaka sinovlari (test) bo‘lib o‘tmoqda.
– Onlayn tarzda tashkil etilgan jarayonda 2758 nafar o‘qituvchi toifa olish va uni saqlab qolish uchun kurashishi rejalashtirilgan, – deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshev. –O‘qituvchilar sinovlarni adolatli va shaffoflik bilan o‘tayotganiga ishonch hosil qilib, bevosita o‘zlari to‘plagan ballni jarayonning o‘zidayoq kuzatib boryapti. Sinovlar bir kunda to‘rt smenada 100 tadan o‘qituvchi ishtirokida o‘tkazilmoqda. Dastlabki kun o‘tkazilgan informatika, matematika va fizika fanidan 454 nafar o‘qituvchi test topshirishi kerak edi. Biroq, ularning 32 nafari sinovlarda qatnashmadi hamda 4 nafari shpargalkadan foydalangani uchun attestatsiyadan chetlatildi va toifasidan ayriladigan bo‘ldi.
Avval xabar qilganimizdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi birinchi va oliy toifa olish hamda bosh toifani saqlab qolish uchun attestatsiyada qatnashadigan pedagoglar imtihonini nazorat qilib bormoqda.
– Ona-tili va adabiyot fanidan dars beraman, – deydi Ishtixon tumanidagi 2-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Tovbayeva Dilfuza. – Test jarayonida hech qanday nohaqlik va “o‘yinlar”ga duch kelmadik. Bugungi sinovda 80 ballni qo‘lga kiritdim va birinchi toifani oliy toifaga o‘zgartirishga erishdim.
Ta’kidlash joizki, oliy va 1-toifaga da’vogar bo‘lgan o‘qituvchilar uchun malaka sinovlari 1 aprelgacha davom etadi. Keyingi toifalar uchun attestatsiya shu yilning iyun oyiga qadar bo‘lib o‘tadi.