41 nafar uylanmoqchi bo‘lgan yigitlarda OIV infeksiyasi aniqlangan

Bu 2019 yilgi raqamlar. 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich Samarqand viloyat bo‘yicha 61 tani tashkil qilgan. Nikohdan avvalgi tibbiy ko‘rikda aniqlangan mazkur holatlardan so‘ng tomonlar to‘yni to‘xtatgan. Mazkur raqamlar viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.

Anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova qonuniy nikohdan o‘tmay, shar’iy nikoh bilan turmushga chiqishga rozilik berayotgan xotin-qizlarning keyingi hayotida muammolar sodir bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi.

- O‘tgan yili xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mingga yaqin shar’iy nikoh bilan yashayotgan oilalar aniqlandi, ularning aksariyatida muammolar bor, - dedi G.Alimova. – Ayniqsa, shar’iy nikoh bilan uylangach, ayolini arzimas sabablar bilan uyiga haydab yuborish, oqibatda ayollarning farzandlari bilan ko‘chada qolish holatlari ko‘p. Bu holatning oldini olish uchun aholi orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kerak. O‘tgan yili tegishli hujjati bo‘lmasa-da, nikoh o‘qigan ikki nafar rasman ro‘yxatdan o‘tmagan mullalar qo‘mita tomonidan prokuratura organlariga topshirildi.

- Shar’iy nikohning yana bir salbiy oqibati, nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tmasligidir, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Mo‘minov. – Masalan, o‘tgan yili nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi natijasida 41 nafarida OIV infeksiyasi aniqlangan. Agar tibbiy ko‘rikdan o‘tmasa, bu raqam 82 ta bo‘lardi. Natijada to‘y qoldirildi. Bundan tashqari, bir qator ijtimoiy kasalliklar aniqlanib, nikohlanuvchilarga ma’lum qilingan. Tasavvur qiling, agar qonuniy nikohdan o‘tmay, shar’iy nikoh bilan turmush qurgan yoshlarda shunday, ijtimoiy xavfli xastaliklar uchrasa, o‘zi bilib, ehtimol bilmagan holatda yana bir insonni ushbu xastalikka duchor qiladi. FHDYo organlari orqali nikohdan o‘tayotgan yoshlar esa albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur.

Yig‘ilishda joylarda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga vazifalar belgilab berildi.

Gulruh MO‘MINOVA.