43 davlatga 75,8 million AQSh dollari miqdorida tovarlar eksport qilindi
Samarqandlik tadbirkorlar tomonidan joriy yil 15 mart holatiga viloyat bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali amalga oshirilgan mahsulotlar hajmi shunchani tashkil qildi.
Raqamli iqtisodiyotning uzviy bir bo‘lagi bo‘lgan raqamli bojxona tamoyilini keng joriy etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida ayni paytda bojxona organlarida 63 ta axborot tizimi va 28 ta interaktiv xizmat joriy etilgan bo‘lib, bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil davomida sohada yana 16 ta axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Bunday imkoniyatlar eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlarga juda qo‘l kelmoqda.
– Joriy yilning 15 mart holatiga Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 43 davlatga 75,8 million AQSh dollari miqdorida tovarlar eksporti amalga oshirildi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasurbek Fayzullayev. – O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda 22 foiz o‘sishga erishildi. Jumladan, 24,5 million dollarlik meva-sabzavot, 18,2 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari xorijga sotildi. Tovarlar importi esa 194,14 million AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 million dollarga yoki 2,8 foizga kamaygan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil boshidan buyon import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 165,56 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 23 nafar tadbirkorlik sub’yektlariga 47,43 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati berildi.
Tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash hamda ularga chek qo‘yish borasida ham bojxonachilar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Huquqbuzarlik holatlarini aniqlash va oldini olish borasida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 141 holatda 5 milliard 16,9 million so‘mlik tovarlar ushlab qolingan. 18 milliard 644,7 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 7 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, yil boshidan buyon viloyat hududida tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan, sifati kafolatlanmagan qo‘lbola mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 1 ta yashirin sex aniqlanib, faoliyatiga chek qo‘yildi.