5 - 14 avgust kunlari abituriyentlar uchun maxsus avtobuslar harakatlanadi
5-14 avgust kunlari Samarqand shahri, Jomboy va Samarqand tumanlarida abituriyentlarni manzilga yetkazish uchun alohida yo‘nalishlar tashkil qilinishi belgilandi.
Ushbu yo‘nalishlarda maxsus avtobuslar ertalabki 4.30 dan 6.00 gacha, kunning ikkinchi yarmida kech soat 21.00 dan 22.00 gacha (imtihon bo‘lib o‘tadigan hududidan birinchi manzilgacha) harakatlanadi.
Ushbu maxsus avtobuslar Ishtixon, Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo tumanlaridan imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun Ibn Sino va Dahbed ko‘chasi chorrahasida;
Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on (tuman va shahar), Nurobod va pastdarg‘omlik abituriyentlar uchun “Hazora” avtoboshbekatida;
Urgut, Toyloq, Samarqand tumanlaridan imtihon topshiruvchilar uchun "Siyob" avtoboshbekatida (Kaftarxona);
Bulung‘ur, Jomboy tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Siyob dexqon bozorida (Yo‘l o‘tkazgich tagida) tashkillashtiriladi.
Har bir maxsus avtobus qaysi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi haqida yo‘l ko‘rsatkichiga ega. Ushbu avtobuslardan faqatgina abituriyentlar foydalanishi mumkin.
Avtobuslarning sanitariya qoidalariga rioya qilishi, yo‘lovchilar soni viloyat transport boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.