50 ta taxallus, 105 ta nikoh, hibsga olinish va qamoqxonadagi insult

Jovanni Vilotto, Frederik Jipp, Jon Mendoza yoki Nikolay Peruskov… Odamlar bu sermuhabbat jentlmenni qaysi ismlar bilan chaqirishmadi. Barcha zamonlar va xalqlarning eng o‘taketgan nikoh firibgarining haqiqiy ismini aniqlashning iloji bo‘lmagan - u o‘zini oshkor qilmadi.

Jovanni Vilotto yoki u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, 1930 yilda Italiyaning Sirakuza shahrida rus oilasida tug‘ilgan (boshqa taxminga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi italiyalik oilasida). 20 yoshida u o‘zi uchun juda qiziqarli kasbni tanlab... nikoh firibgariga aylandi. Bu ishlarni bajarishga uning tashqi ko‘rinishi (istarasi issiqligi) juda qo‘l keldi.

Ov

Yigit dastlab “o‘lja”sini o‘zi ishlab yurgan buyum bozoridan izlab topdi. Jovanni qizlar va ayollar bilan tanishib, ularni o‘zining tabiiy jozibasi bilan maftun qilar, tom ma’noda birinchi uchrashuvdayoq ishonchli xonimlarga er-xotin bo‘lishni taklif qilardi. “Sevishganlar”ning juda tez imzo chekish marosimi sodir bo‘lishidanoq Jovanni yangi turmush o‘rtoqlariga uzoqda yashashi va “sevgili”si bilan u yoqqa ketishni xohlashini aytardi.

Qizlar o‘z narsalarini yig‘ishga kirishi bilan, qallob ularning qimmatbaho buyumlarini mashinaga ortib, quyosh botgan tomon jo‘nab ketardi. Don Juan keraksiz narsalarni buyum bozorida (albatta, boshqasida) sotar, shu bilan birga u yerdan o‘ziga keyingi xotin qidirar edi...
Jovanni hayotining 30 yilini ushbu firibgarlikda o‘tkazdi - u 15 ta mamlakatda 50 ta taxallus ostida “ishladi” va 105 ta nikoh tuzdi. Aytgancha, nikoh firibgari taxminan har oyda yangi munosabat qayd etgan va faqat 52 yoshida tinchlandi yoki keyingi qallig‘i shunchaki sinchkov bo‘lib chiqdi...
Firibgarning so‘nggi qurboni uni buyum bozorigacha kuzatib bordi. Sheron Klark peshtaxtadagi narx belgilari qo‘yilgan o‘z narsalarini tanib olib, darhol politsiyaga murojaat qildi, shundan so‘ng uning qochib ketgan eri hibsga olindi.

Sud

Vilotto ishi bo‘yicha sud jarayoni odamlarga misli ko‘rilmagan qiziqish uyg‘otdi - ular sud binosiga sud boshlanishidan bir necha soat oldin kelib o‘tirishardi. Ayniqsa, ayollar juda ko‘p edi.

Sud jarayonida Jovannining boshqa jinoyatlari tafsilotlari oshkor qilindi. Qizig‘i, qahramonimiz har bir xotinining ismini esladi. Bu nima ekan: fenomenal xotirami yoki “kasb”ga sodiqlik? Buni aniq aytish qiyin, biroq sanoqsiz ismlar, sanalar va joylarni eslab qolish oson ish bo‘lmasa kerak.
Jovanni uzoq vaqt davomida himoya chizig‘ida turdi, sudni uning yagona jinoyati haddan tashqari romantik tabiatli bo‘lgani va ayollar oldida zaif ekanligiga ishontirdi. Sud uning ko‘rsatmalarini inobatga oldi, ammo shafqat ko‘rsatmadi. Tovlamachi firibgarlik uchun 28, ikki xotinlik uchun 6 jami - 34 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari, sevgi ham unga juda qimmatga tushdi - Jovanni 336 ming dollar jarimaga tortildi.

Qamoqxona

Erkak hayotining oxirgi 8 yilini Arizona shtati qamoqxonasida o‘tkazdi va 61 yoshida insultdan vafot etdi. Uning so‘nggi manziliga kuzatib qo‘yish uchun xotinlarining birontasi kelmadi. Shu tarzda qo‘lga tushmas nikoh firibgarining hayoti yomon otliq bo‘lib yakunlandi, biroq uning “jasoratlari” e’tibordan chetda qolmadi. Jovanni Vilotto nikohlar soni bo‘yicha rekordchi sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritildi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.