80 ming dollarlik firibgarlik ishi bo‘yicha hukm o‘zgartirilmadi

Firibgarlikni kasb qilgan Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi Sulton Alisherovga (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 4 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha tayinlagan jazo jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasida adolatli va to‘g‘ri deb topildi.

Aslida unga «chuv» tushganlarning barchasi tanishlari bo‘ldi. U dastlab tanishi Jamshid Suvanovga Kattaqo‘rg‘on shahri Amir Temur shoh ko‘chasi va Juma-Samarqand yo‘li atrofida joylashgan “Amfiteatr” majmuasi bilan Kattaqo‘rg‘on g‘isht zavodi oralig‘idan uchta – har birining o‘lchami 600 kv.m dan bo‘lgan yer maydonlarini “auksion” orqali olib berishni va’da qiladi. Buning uchun jami 10 500 AQSh dollari miqdoridagi pulni qo‘lga kiritgan.

Albatta, Sulton Jamshidning ishonchini qozonishida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 4 dona 268 q-sonli qarorlari muhim rol o‘ynagan. Vaholanki, bu qarorlar Sultonning hamtovoqlari tomonidan kopyuterda tayyorlanib, rangli printerdan chiqarilgan qalbaki hujjat edi. Aynan shunday hujjatlar bilan S.Alisherov jinoiy sheriklari bilan o‘nga yaqin tanishlarining ishonchini qozonib, ularning qariyb 80 ming dollar pullarini o‘zlashtirib olgan.

Panjara ortiga tushgach esa «aqli kirgan»ligiga sudni ishontirmoqchi bo‘ldi. U kassatsiya shikoyatida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti og‘irligi, oilasida yagona boquvchi ekanligi, qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, ish bo‘yicha yetkazilgan zarar qisman qoplanganligi va yashash joyidan ijobiy tavsiflaganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Shikoyatlardagi vajlar sud hukmini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli, sud hukmi o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirildi.

G‘.NEGMATOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Samarqand viloyati sudining sudyasi.