9 farzandga otalik qilayotgan bank xodimi

Bugun Samarqandda birorta mehribonlik uyi yo‘q. Shu paytgacha bo‘lgan muassasadagi bolalar tegishli hujjatlar asosida oilalarga berildi.

Xo‘sh, oilalarga berilish tartibi qanday bo‘ldi, bu bolalar oilada qanday yashayapti, ota-onalar ularni qanday qabul qildi? Shu savollarga javob topish uchun Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi Husenovlar xonadonida bo‘ldik.

Bu oila 8 ta farzandni oilasiga qabul qilgan va o‘zlarining bir nafar qizi bilan endi bu xonadon o‘zbek, tojik, rus, turk millatlari vakillari bo‘lgan 9 nafar farzandni tarbiyalashyapti.

 Psixolog yo tarbiyachi emasman. Men – otaman!

– Bankda ishlaganim sababli SOS bolalar uyi tarbiyachilari va tarbiyalanuvchilari bilan tez-tez muloqot qilib turishimga to‘g‘ri kelardi, – deydi Jahongir Husenov. – Ularning hisob daftarlari bizning bankda bo‘lgani uchun tez-tez kelib turishardi. Ular bilan gaplasharkanman, doim xayolimdan bir fikr o‘tardi: mehribonlik uyidan bola asrab olsam-chi? Gap shundaki, to‘ng‘ich farzandim, shukr, sog‘lom tug‘ilib, voyaga yetmoqda, ammo keyingilari nobud bo‘ldi, shuning uchun o‘g‘il bola olib, tarbiyalash niyatim bor edi. Xullas, rafiqam ikkalamiz kelishib, bir kun mehribonlik uyiga bordik va rahbar qabuliga kirib maqsadimizni aytdik. Maqsadimiz faqat savob ekanligini bilgach, ikkita emas, beshta bola oling, hozir shunday imkoniyat bor, mehribonlik uylari tugatilyapti, dedilar. Avvaliga biroz qo‘rqdim, ammo savob uchun jazm qilgan ekanman, ortga qaytmayman, dedim. Xullas, hujjatlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ochig‘ini aytaman, bu ishlar oson kechmadi, turmush o‘rtog‘im ikkimizning salomatligimizdan boshlab, qanday yashashimiz, munosabatlarimiz – bari tekshirildi.

Bolalarni olib kelishdi, hammasi bayramona o‘tdi, uylarni sharlar bilan bezadik, tasvirga olishdi, niyatlar, tilaklar bildirildi. So‘ng hamma tarqaldi. Men va rafiqam qaramog‘imizda oltita bola bilan qoldik. Ular mehrga zor, biz farzandga. Lekin bu bolalarning birovi 7 yoshda bo‘lsa, birovi 17 yoshda. Allaqachon dunyoqarashi shakllanib, hayot haqidagi tushunchalari aniqlashgan. Gapirsam, mendan achchiqlanadigan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganimda buni muhokama qiladigan holatlar bo‘ldi. Oson bo‘lmadi, buni tan olish kerak. Birovining o‘qishida muammo chiqadi, biri gap ko‘tarmaydi, biriga sal gapirsa yig‘laydi... Xullas, turfa fe’lli bolalar. Har birining ko‘ngliga qarash barobarida ularga oiladagi muhit, oilaviy qadriyatlar haqida tushuncha bera boshladim. Har kuni uyquga yotishdan oldin Allohga iltijo qildimki, men qo‘limdan kelganini qilyapman, o‘zing bolalarimning ko‘ngliga rahm sol, meniyam tushunishga harakat qilishsin. Oradan bir necha oy o‘tdi, bir-birimizga moslashdik, tushuna boshladik. Bolalarim mehribonlik uyida tarbiyalangan boshqa aka-opalari bilan suhbatlashib, oiladagi munosabatlarimiz haqida aytgan shekilli, bir kuni uyimizga yana ikki bola keldi. Ular 18 yoshdan oshgan, biri institutda o‘qiydi, yotoqxona bilan ta’minlangan. “Sizning mehringiz tortib keldi”, deb qarab turishgach, yo‘q deya olmadim.  Hozir ularning ham hujjatlarini to‘g‘rilashga harakat qilyapman.

Har kuni ishdan qaytganimda to‘qqiz nafar farzandimning barchasi yugurib yonimga keladi, barchasi mehr bilan quchog‘imga otiladi. Ishonasizmi, shunday payti bor qiyinchiliklarni unutaman.

  Men bekaman, onaman!

– Bolalar kelganda uyimizga fayz kirganday bo‘ldi xayolimda, – deydi Feruza Husenova. – Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘ ham buni to‘g‘ri qabul qilib, hatto ko‘pchiligi biz ham bola olsak bo‘larmikan, deb so‘ray boshladi. Avvaliga bolalarning tilini topish oson kechmadi. Biri suvdan qo‘rqadi, biri go‘sht yemaydi, biriga ikkita gap ortiqcha. Ammo mehr har bir bolaning qalbiga, tarbiyasiga eng asosiy yo‘l. Kelganida ilk kunlari katta qizlarim ham dasturxon atrofidan indamay turib ketishardi. Hatto o‘zlari choy ichgan piyolasini olib qo‘yish haqida ham tasavvurga ega emasdi. Bunda ularni ayblab bo‘lmaydi, albatta. Sababi, ijtimoiy muassasada tarbiyalangan bola tabiiyki, shunday ulg‘ayadi. Ammo hozir vaziyat o‘zgardi. Qizlarim allaqachon turli taom, pishiriqlar pishirishni o‘rganishyapti. Barchasi qo‘shimcha dars, to‘garaklarga qatnayapti. Men ularga bir kun – 24 soat davomida onaman, o‘z burchimni bajara olayotgan bo‘lsam, bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Qizlarimga sovchi kelyapti. Aytmoqchimanki, hech kim bolalarimizni mehribonlik uyidan kelgan, demaydi.

 Mening dadam bor!

– To‘g‘ri, mehribonlik uyida ham bizga yomon qarashmadi, hamma narsamiz yetarli edi, – deydi Mariya Mahmudova. – Lekin tarbiyachilar har kuni almashadi, ular bizga mehr bersa-da, ammo o‘y-xayollari o‘z farzandlarida bo‘lardi. Ya’ni, istasalar-da, bizga bor mehrini berolmasdi. Oilada esa hammasi boshqacha ekan. Ota-onang mehrini doim his qilib turish judayam kerakli, yoqimli tuyg‘u ekan. Doim dadam bo‘lishini orzu qilgandim. Meni oq ko‘ylakda mehrob oldiga dadam olib borishini bir umr orzu qilganman. Dadam, onam, bobom, buvim, ammayu xolalarim ham bor endi.

 Kutilmagan baxt

– Oilada hammasi biz xayollarimizda o‘ylaganimizdan ham boshqacha ekan, – deydi Sabrina Raupova. – Masalan, bugun maktabdan to‘rtta “besh” baho olib keldim. Ayam ham, dadam ham shunaqa xursand bo‘ldilarki, men yanayam ko‘proq o‘qishga harakat qilaman endi. Lekin mehribonlik uyida bu narsani his qilolmasdim. Go‘yoki hech kimga tegishli emasday, o‘z holimizcha yurganday his qilardik o‘zimizni. Dadamiz ishdan kelishini kutish, nasihatlarini eshitish, ayam bilan pishiriqlar pishirish, mehr bilan ovqat yeyishimiz kerakligini aytishlari – bularning hammasi juda boshqacha, biz birinchi marta his qilgan tuyg‘ular.

 Oila – bitta qo‘rg‘on

– Ota-ona bu – juft so‘z va har ikkisining mehri bola uchun suv va havoday zarur, –  deydi  Mixail Dyujnikov. – Biz oilamiz bo‘lishini juda uzoq kutdik va nihoyat shu kunlar nasib etdi. To‘g‘risini aytaman, oldin ham bir oila farzandlikka olgandi meni. Ammo onam, ya’ni meni farzandlikka olgan ayol ko‘p o‘tmay kasallikka chalingach,  qariyb ko‘chada qoldim. Sarson-sargardon, och-nahor kunlarni boshimdan o‘tkazganman o‘shanda. Keyin oradan vaqt o‘tib, yaxshi insonlarning ko‘magida yana mehribonlik uyiga qaytib kelganman. Bunday sinovli kunlar, to‘g‘risi, oila haqda orzu qilishga ham yo‘l bermasdi, ammo ich-ichimizda baribir oilamiz bo‘ladi, bir dasturxon atrofida o‘tirib, dadam, onam bilan suhbatlashib o‘tiramiz, degan o‘ylar bo‘lardi.

Prezidentimizning qarori bilan OILAli bo‘lganimiz hayotimizdagi eng katta quvonch! Bu baxtni oilalarda o‘sayotgan bolalar tushunmasligi, his qilmasligi mumkin. Ammo bugun biz hayotga umuman boshqacha qarashni o‘rgandik.

Faqat savob....

Darvoqe, ko‘pchilik oila boshlig‘i, viloyat “Asaka” bank xodimi Jahongir Husenovga bolalarni olishdan senga foyda qoladimi, deb savol berarkan. Bu haqda aytib berarkan, 43 yoshli  9 farzand otasi savob uchun qilingan ishim men uchun eng katta foyda, deb javob beradi. Ma’lumot uchun aytish joiz, u ikki nafar farzandi hujjatlarini hozircha rasmiylashtira olgani yo‘q. Shuning uchun olti nafar bolaga bir oyda oziq-ovqati uchun 6 million so‘m, kiyim-kechagi uchun esa 2 million so‘m oladi, xolos. Bularning ichida ularning salomatligi va boshqa kutilmagan xarajatlar ham bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, oila bu bolalarni faqat savob uchun tarbiyalayotganiga amin bo‘lasiz.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida 9 ta xuddi shunday oilaviy mehribonlik uylari faoliyat ko‘rsatadi. Xususan, Samarqand shahrida uchta, Past Darg‘om tumanida ikkita, Oqdaryo, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlarida  bittadan xuddi shunday oilalar mavjud. Ularda 51 nafar tarbiyalanuvchi voyaga yetmoqda.

Gulruh Mo‘minova.

Tasvirchi: Baxtiyor Mustanov.