9 kun qayiqda suzib borish kerak bo‘lgan orolda bir erkakning 62 avlodi yashaydi

Manzilga yetib borish uchun atrofda cheksiz suv kengligidan boshqa hech narsa yo‘qligi va qirg‘oqqa yetib borishning o‘zi dargumon fikrlar bilan to‘qqiz kun suzishingiz kerak bo‘lishini tasavvur qila olasizmi? Bu Tinch okeani suvlaridagi Palmerston shahriga borishning yagona yo‘lidir.

Bu yerga 150 yil muqaddam dunyoning narigi burchagida qo‘nim topgan bir ingliz erkakning 62 kishidan iborat avlodi istiqomat qiladi.

Palmerston orolida hayot sekin va bir maromda kechadi. U yerda supermarket yoki oziq-ovqat do‘koni yo‘q. Odamlar tirikchilik qilish uchun baliq tutadi, kokos teradi, bo‘sh vaqtlarida taqinchoq yasaydi, voleybol o‘ynashadi yoki suzishadi. Biroq ular o‘z elektr energiyasiga ega va hatto faqat bir necha soat internet uzatiladi. Ba’zi omadlilarining esa mobil telefoni va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi ham bor. U yerda hech kim hech narsa sotmaydi – pul faqat tashqi dunyodan zarur jihozlarni sotib olish uchun sarflanadi. Mahalliy aholi ichish uchun yomg‘ir suvini to‘playdi.

Palmerston shahri qadimgi suv osti vulqonining tepasida joylashgan va ko‘rfazni o‘rab turadigan o‘ndan ortiq marjon qumli halqa orollaridan iborat atoll sifatida ham tanilgan. Qoyalarga samolyotlar qo‘na olmaydi, vertolyotlar ham yetib bormaydi, shuning uchun u yerga faqat qayiqda suzib borish mumkin.

Orol 1863 yilda Britaniyalik Uilyam Marsters o‘zining polineziyalik rafiqasi va (keyinchalik ularni ham o‘z xotinlariga aylantirgan) uning tutingan opa-singillari bilan o‘zi orzu qilgan orolga ko‘chib o‘tganida obod qilina boshlangan.

Dastlab yiliga ikki marta orolga oziq-ovqat va kerakli anjomlar to‘la kema kelib turar, Uilyam esa buning evaziga ularga kokos moyi sotardi. Keyinchalik kemalar tashriflari orasi uch yilgacha cho‘zildi va oxir-oqibat 1878 yilda ular bu yerga kelishni to‘xtatib qo‘yishdi. Lekin mehnatkash Uilyam omon qolish yo‘ldarini topa oldi.

1899 yilda o‘limidan oldin Uilyam orolni har bir xotiniga teng uch qismga bo‘lib berdi. Vaqt o‘tishi bilan aholi o‘sib bordi va hozirda oroldagi 65 kishi aholining barchasi (uchtasidan tashqari) uning bevosita avlodlari hisoblanadi.

Bugungi kunga kelib mahalliy aholining aksariyati Palmerstonni tark etmoqda, qolgan orolliklar esa qarindosh-urug‘lar bilan aloqa qilish xavfi ostida qolmoqda. Odamlar turmush qurishgan va ular o‘rtasida qon rishtalari borligini keyinroq bilib olgan holatlar ham bo‘lgan. Bir kuni Palmerston meri OAVga intervyu berib, shunday dedi: “Xotinimning bobosi va mening bobom aka-uka bo‘lgan ekan. Men buni bilmasdim, hamma narsa oshkor bo‘lganida juda kech edi. Orolda mahalliy aholidan boshqa hech kim yashamaydi, shuning uchun bunday nikohlar paydo bo‘lishi tabiiy”. Bu orol aholisining doimiy kamayib borayotganining sabablaridan biri, chunki yoshlar sog‘lom farzandlar tug‘ilishi haqida oldindan g‘amxo‘rlik qilib, qarindosh-urug‘lar bilan nikoh qurishni istamaydi.

Orol aholisining ishlov bera olishidan ko‘ra ko‘p yerlari bor, shuning uchun ular yangi ko‘chmanchilarni jalb qilish maqsadida butun dunyo bo‘ylab odamlarga murojaat qilishadi, biroq dunyoning chekkasiga joylashishni istaydigan ko‘ngillilar hali ham yo‘q.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.