Abdurahmon polvon Taran laqabli tulpori bilan elga tanilgan
Samarqand viloyatining chekka hududi Qo‘shrabot tumani fermerlari nafaqat uzum yetishtirish, dehqonchilik yoki chorvachilik, balki yilqichilik bilan ham shug‘ullanadi.
Qo‘shrabotning Navoiy va Jizzax viloyatlari bilan chegara hududida joylashgan Kiyiko‘ynar tepaligi va unga tutash kengliklarda tumanning Buloq mahallasida yashovchi Abdurahmon Jonboyev yilqi boqadi.
Abdurahmon aka bir paytlar Respublikadan taniqli chavondozlardan biri bo‘lib, uning elga tanilishida Taran laqabli tulporining o‘rni alohida bo‘lgan.
- Bolaligimdan otga qiziqaman, - deydi A.Jonboyev. – 35 yildan beri otboqarlik bilan shug‘ullanaman. Uzoq yillar shirkat xo‘jaligining yilqisini boqqanman. Bundan ikki yil oldin farzandlarim bilan maslahatlashib, “Abdurahmon bobo Taran tulporlari” nomli fermer xo‘jaligini tashkil qildim. Auksion orqali 70 ta ot sotib oldim va ularning soni bugungi kunda 150dan oshdi. Ko‘pkari uchun otlar ham tayyorlayman. Hozir ikkita otim ko‘pkarida chopishga shay turibdi. O‘zim ham ot chopganman. Taran nomli tulporim bor edi. U bilan ko‘pgina uloq-ko‘pkarilarda g‘olib bo‘lganman. Meni Abdurahmon polvon, desa ko‘pchilik qaysi biri derdi. Chunki yurtimizda Abdurahmon ismli chavondozlar ko‘p edi. Abdurahmon Taran, desa ko‘pkari ishqibozlari yaxshi tanirdi. Taran O‘zbekistonda yagona edi. Mendan ham ko‘ra Taran tulporim taniqli edi.
Ot o‘rnini toy bosar deganlaridek, Abdurahmon boboning shogirdlari uning farzandlari va nevaralaridir. Ular otaxondan yilqi boqish, ot tarbiyalash sir-asrorlarini o‘rganib bormoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.