Abu Ali ibn Sino ilmi ustunmi yoki buyuk Xitoy devori?

1. Xitoyda koronavirus bemorlarining 90 foizdan ortig‘i tuzaldi.
2. Ayrim mamlakatlarda oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keldi. Biroq bu "ocharchilik" degani emasligini hamma tushundi.
3. Xalqlar birlashmoqda, sanitariya va gigiyenaga yanada e’tibor qaratilib Yerdagi iqlim yaxshilanmoqda.

O‘zbekistonda
1. O‘z vaqtida farmon qabul qilindi.
2. O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning 5 nafari tuzaldi.
3. Savdo va narx-navo me’yorda ushlab turilmoqda.
4. Xalqimiz yanada birlashmoqda.
5. Ushbu virusga chalingan yurtimiz fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilgan kishilar topildi va eng yomoni shu kabi turli yolg‘on (feyk) xabarlarni tarqatayotganlar chet elda faoliyat olib borayotganligi ochiqlandi.
6. Chet mamlakatlardan charter reyslar orqali fuqarolarimiz Vatanimizga qaytarilib olib kelinmoqda.

Shu o‘rinda NEGA degan savol tug‘iladi:
1. Ba’zilar karantin davrini turli fisqu-fasod gaplar bilan o‘tkazmoqda? Nahotki, bu davr fisqu-fasod davri bo‘lsa?! Chetda turib mamlakatlarni g‘iybat qilish, to‘g‘rirog‘i, shu orqali o‘ziga "muxlis" orttirishdan ko‘zlangan maqsad nima?

2. Huquq-tartibot organlari jamoat tartibini saqlaydi, tartibni fuqarolar buzadi. Demak, nega qoidalar bor joyda fuqaro uni chetlab o‘tishi yoki buzishi kerak?
Yoki eng kichik bo‘lsa-da, oddiy qoidalarga amal qilish shunchalik qiyinmi?
Yuqoridagi faktlarga birma-bir nazar solsangiz, xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunda DAVLAT xalqni bir dam yodidan chiqarmadi. Xalq manfaati barcha narsadan ustun, degan tamoyilda qolindi. Pul topiladi ammo insonlar topilmasligini mamlakatimiz o‘zining oldiga dasturilamal qilib qo‘ydi.

Bu jihatlarni ko‘rib oddiy insonni-da ko‘zi yoshlanadi!
Davlatim men bilan, degan ezgu g‘oya yanada barq uradi va shu onda o‘sha 2016 yilning sentyabr oyida davlatimiz Birinchi Yo‘lboshchisidan ajralgan vaqtdagi xalqdagi sarosimani qat’iyat bilan barcha mas’uliyatni yelkasiga olgan va xalqimizni yakdillikka chorlagan, o‘sha og‘ir kunlardan olib chiqqan davlat rahbari bugun bizning yo‘lboshchimiz ekanligi, odamni sarosimalar girdobidan qutilish va yanada birlashishga undaydi va biz buni uddalaganmiz, uddalaymiz ham deya baralla aytishga asos bo‘ladi.

Ofarin Xitoyliklar! Bu baloni, albatta yengib o‘tish mumkin va buni Xitoy isbotladi qaysidur ma’noda. Ya’ni, "Buyuk Xitoy devori"ni koronavirus degan balo yengolmadi.
O‘zbekiston degan jonajon Vatanimiz ham bu sinovdan eson-omon o‘tadi. Bunga shak-shubhamiz yo‘q, albatta.

Sababi, bu yurtda Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali ibn Sinoning butun insonlar hayotiga asoslangan ilmi bor.

Devordan ilm ustunlik qilishiga fakt so‘ralgan joyiga agar "Buyuk Xitoy devori" hayot ilmiga asoslanmaganda bugungi kunga yetmagan bo‘lardi", degan javobni bergan bo‘lardim. Yana bilmadim...

Nasib etsa, tez kunlarda yurtimizni bu ofat tark etadi va bu balo aniqlangan kun 15 mart sanasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi xodimlari kuni yoki keling Navro‘z bayrami oldidan an’anaga ko‘ra, umumxalq hasharlari kuni sifatida o‘tkazamiz.

Mayli, @koronavirusinfouz rasmiy kanali bu virusni yengib, odatiy yashash tarziga o‘tgan kunlarimizda ham yopilmasin. Keling, uni mas’ullarimiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi yoki yangidan tuzilgan Ekologik partiyaga berishsin va unda odamlarda shu kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan hamda ona tabiatni asrash va undan oqilona foydalanishga qaratilgan "saboqlar" berib borilsin hamda uni butun dunyo o‘qisin!