Adashgan yigitni Ishtixon tumani hokimligi otaliqqa oldi

Ishtixon tumanida ikki yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Fozil Hosilov uyiga qaytdi. Tuman hokimligi sa’y-harakati bilan hamda moddiy qo‘llab-quvvatlovi tufayli 1993 yilda tug‘ilgan yosh yigit o‘z vataniga qaytishga muyassar bo‘ldi.
- Yigit qiyinchilikda o‘sgan bo‘lib, 2017 yilda to‘g‘ri yo‘ldan adashib, qo‘shnisining gaz ballonini o‘g‘irlaydi, - deydi Ishtixon tuman hokimi o‘rinbosari Ahmad Hasanov. - Ammo keyin jazo olishidan qo‘rqib, Rossiyaga qochib ketadi. Shu muddat davomida u yoqda ham ish topolmay, qiyinchiliklarni boshidan kechiradi. U bilan aloqani yo‘lga qo‘yib, qaytishiga yordam berdik.
Aytish kerakki, bu yigitning otasi erta olamdan o‘tgan, onasi esa uzoq yillar xastalik sabab yotib qoladi. Farzandlar onani parvarish qilishadi, davolatadi. Ammo og‘ir dard tufayli u olamdan o‘tadi. Oiladagi farzandlar to‘ng‘ich o‘g‘il Odil Hosilov qaramog‘ida qoladi.
Fozil 2017 yil mart oyida o‘rtog‘i bilan qo‘shnisining hovlisidagi gaz balonini o‘g‘irgach, keyinchalik bu qilmishining oqibatini o‘ylab uydan qochib ketadi.
Ravot mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, qishloq aholisi daraksiz ketgan yigit haqida ichki ishlar bo‘limiga xabar berishadi. Qidiruvlar natijasida daragi topilgan o‘g‘il o‘z oilasiga qaytarildi.
Tuman hokimligi bu oilani o‘z otalig‘iga oldi.
- Fozil tuman yo‘l qurilishi bo‘limiga ishga joylashtirildi, - deydi deydi Ravot mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oydin Mingboyeva. - Homiylar tomonidan sog‘in sigir sovg‘a qilindi. Shuningdek bu oila istiqomat qilayotgan uyni ta’mirlash ishlari boshlandi. Tomorqada issiqxona qurilishi ham rejalashtirildi.