Adliya qaror chiqartirib beryapti. MIBchi, undiryaptimi?

Muayyan korxonadagi xodimlarning buzilgan huquqlari adliya idoralari tomonidan tiklanayotgani borasida bir nechta materiallar e’lon qilindi.

Xususan, Oqdaryo tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Davron Ashurovga ko‘ra, tuman madaniyat bo‘limi - madaniyat va aholi dam olish markazining 4 nafar xodimiga salkam 70 million so‘m ish haqi to‘lanmagan.

Holat, tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi madaniyat bo‘limi - madaniyat va aholi dam olish markazida Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringda aniqlangan.

Qayd etilishicha, monitoring natijasida 4 nafar markaz xodimiga to‘lanishi lozim bo‘lgan oylik ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lanmaganligi aniqlandi. Shu bois, adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudiga 4 nafar fuqaro manfaatini ko‘zlab ariza kiritilgan.

Kiritilgan arizalar sud tomonidan qanoatlantirilib, Oqdaryo tumani madaniyat bo‘limi - madaniyat va aholi dam olish markazining zimmasiga 4 nafar xodimning 69 million 75 ming 353 so‘mlik ish haqini to‘lab berish majburiyati yuklatilgan.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: sudning qarori chiqqani yaxshi, ammo uning ijrosi-chi?