Adliya vazirligi xodimlarning mehnat huquqlarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi
Adliya organlari 100 mingdan ortiq fuqarolar o‘rtasida test sinovlari, anonim va anketa usulida so‘rovlar o‘tkazib, O‘zbekistonda mehnat huquqlariga rioya etilish ahvoliga baho bergan.
Vazirlik ish beruvchilar tomonidan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi ahvolini qoniqarli darajada emas deb baholagan. Masalan:
- Qonunchilikka ko‘ra, 6 kunlik ish haftasida kunlik - 7 soat, 5 kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqti belgilangan. Ish vaqtidan tashqari ishlashga faqat xodimning roziligi bilan va kamida ikki hissa miqdorida haq to‘langan holda yo‘l qo‘yiladi.
Biroq, so‘rov natijalari ayrim ish beruvchilar tomonidan bu talablar qo‘pol ravishda buzilganligini ko‘rsatdi. Masalan, ish vaqtiga rioya qilmaslik, dam olish va bayram kunlari ishga chiqishga majburlash holatlari ko‘proq bank-moliya (32,1%), ta’lim (30,5%) va sog‘liqni saqlash (28,2%) sohalarida mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hududlar misolida esa xodimning ish vaqtidan ortiq yoki dam olish va bayram kunlari qo‘shimcha mehnatga jalb etish holatlari ko‘proq Samarqand (40,5%), Andijon (34,5%) hamda Toshkent viloyatlariga (32,9%) to‘g‘ri kelishi qayd etildi.
- Qonunlarda xodimning roziligisiz uning vazifasiga kirmaydigan ishga jalb etish taqiqlanadi.
Biroq, xodimning roziligisiz uning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari hanuzgacha kuzatilayotganligi tashvishlidir. Bu kabi holatlar ko‘p hollarda moliya (19,3%) va xo‘jalik boshqaruvi organlarida (19,1%) hamda ta’lim tizimida (16,8%) uchrashini kuzatish mumkin.
- Qonunchilik talabiga asosan, xodimning ish haqidan olib qolishga uning yozma roziligi bilan yoki sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Biroq, ish beruvchilar tomonidan xodimning roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolinayotganligi holatlari hamon davom etayotganligini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tirozli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur turdagi qonunbuzilishlar ko‘pincha banklarda (23%), sog‘liqni saqlash (26,3%), moliya (23,9%) va ta’lim (20%) sohalarida uchrashligini ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilarning 16,6 foizi ish joyida mehnatni muhofaza qilish (xavfsizligi, hayoti va sog‘lig‘ini saqlash) choralari ko‘rilmaganligini ta’kidlashgan.
Mehnat huquqlari buzilayotganligining yana bir sabablaridan biri sifatida fuqarolarning mehnat huquqlari bo‘yicha bilimlari yetarli emasligini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, o‘tkazilgan test sinovlari natijasida kunlik ish vaqti normasini - 32%, xodimni qo‘shimcha ishga jalb qilish tartibi va to‘lov miqdorini - 32,1%, mehnat ta’tiliga chiqish tartibini - 29,1%, oylik ish haqidan ushlab qolish tartibini - 29,2%, kasaba uyushmalarining vazifalarini - 32,1% xodimlar bilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Qayd etish lozimki, fuqarolarning mehnat huquqiga to‘liq rioya etilmasligi respublikada olib borilayotgan islohotlarga va O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi nufuziga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin, deydi vazirlik.
O‘z navbatida mazkur holatlar kelgusida ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida turli nizolarning kelib chiqishiga, xodimlar tomonidan ishlar sifatsiz bajarilishiga, shuningdek, ularning sog‘ligiga jiddiy zarar yetishiga olib keladi.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlarini avvalo qonunlarga itoat etishga, qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etishga, shuningdek, mehnat munosabatlarini o‘zaro ishonch va hurmat ruhida barpo etishga chaqirdi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.