Adolat SDP talabalar uchun kontraktni qisqartirishni taklif qildi

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli bir yarim milliondan ortiq fuqarolar ishsiz qolgan. Shuningdek, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolar doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lgan, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasiga kelib qoldi.

Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish uchun esa davlatlarda turlicha yo‘llardan foydalanilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ehtiyojmand oilalarga zaruriy ozuq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. (Albatta, bu yetkazib berilayotgan oilalarning barchasi chindan ehtiyojmand oilalar ekanligiga shaxsan men ishonmayman).

Men bugun mana shu mamlakatimizdagi 1,5 million ishsizlarning farzandlari bo‘lgan talabalar haqida o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman. Oxirgi vaqtda o‘tkazilayotgan hukumat darajasidagi yig‘ilishlarda e’tibor faqat iqtisodiy inqiroz tahlillari va oziq-ovqat masalalariga qaratilmoqda. Ammo biz pandemiya sharoitidan keyingi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilovchi, kelgusida bunday pandemiyalarning ta’sirini imkon qadar mamlakatimizga yetib kelmasligini hal qiluvchi kadrlar bo‘lgan talabalarni unutdik.

Hozirgi kunda barcha ta’lim jarayonlari masofaviy shaklda davom ettirilmoqda. Shu boisdan oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar ham har kunlik ishga qatnash va ortiqcha qog‘ozbozlikdan qisman ozod etilgan. Barcha professor-o‘qituvchilarga ta’til pullari va oylik maoshlari to‘liq shaklda to‘lab kelinayotgan bo‘lsa-da, oliy ta’lim muassasalarining harajatlari ma’lum miqdorda qisqargan. Bu qisqarish oliy ta’lim muassasalari, talabalar turar-joyidagi ta’mirlash xarajatlari va kommunal xizmatlardan foydalanilmayotganligi hisobiga yuzaga kelgan.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasi talabalarining 90,2 foizi to‘lov shartnomasi asosida tahsil oladi. Ularga shartnoma puli to‘lovchilarning aksariyati esa oddiy ishchi xalqimiz bo‘lsa, ajabmas. Bugun 1,5 million ishsiz bo‘lgan (aslida bu raqam 5-6 milliondan kam emas) oilalar farzandlarining to‘lov shartnoma pullarini to‘lashda turli muammoga duch kelmoqda. Chunki ayrim oilalarning 2-3 nafar farzandi shartnoma asosida ta’lim oladi.

Hozirgi vaziyatni hisobga olib, hukumat tomonidan tadbirkorlar, dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ma’lum darajadagi mablag‘lar ajratilmoqda. Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash bugungi kun uchun dolzarb hisoblanadi. Lekin o‘sib kelayotgan avlodga sifatli ta’lim berish kelajak uchun poydevor yaratadi. Shu bois “Adolat” SDP saylovchilar fikrini inbotga olgan holda, 2019-2020 o‘quv yilining ikkinchi yarim yillik uchun to‘lanadigan talabalarning to‘lov kontrakt summasidan 2 oy uchun qisqartirishni taklif etadi.