“Adolat”chilar saylovchilarga bergan va’dasi ustidan chiqadimi?

Bugun ko‘pchilikda shu savol tug‘ilishi tabiiy. Shu bois partiyadan mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar joylarda aholi, jumladan, saylovchilar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.

Bunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanishi, moddiy-texnik bazasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minoti, yoshlarni ishga joylashtirish va boshqa shu kabi muhim masalalar partiya deputatlarining diqqat-e’tiborida bo‘lmoqda.

O‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga saylovchilar murojaatlari asosida 20 dan ortiq deputatlik so‘rovlari kiritildi.

Xususan, viloyat Kengashi deputati Sodiq Haqberdiyev Narpay tumanidagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida mavjud sport zal bugungi kunda ta’mirtalab ekanligi yuzasidan tuman hokimligi moliya bo‘limiga kiritgan deputatlik so‘rovi ushbu masalaga mutasaddilarning e’tiborini qaratdi. Bu borada manzilli dasturda tegishli vazifalar belgilanib, ijrosi deputat nazoratiga olindi.

Tuman aholisi uchun suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida aholiga yetkazishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun “Hududgaz Samarqand” MChJ direktoriga deputatlik so‘rovi orqali murojaat qilgan deputatga 320 dona gaz ballonlarini aholiga bir vaqtda yetkazish imkoniyatiga ega “CHACMAN” rusumli maxsus avtomashina ajratilishi bildirilgan.

Bundan tashqari, Qozikent mahallasi aholisi uchun qo‘shimcha trasformator o‘rnatish masalasi ham deputatning faolligi evaziga hal etiladigan bo‘ldi.

Saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida viloyat Kengashi deputati Ilhom To‘xtasinovga Samarqand shahridagi Ustozlar mahallasida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining ko‘pligi sababli mavjud transformatorning quvvati yetmayotganligi, elektr energiyasi ta’minotida ko‘plab uzilishlar yuzaga kelayotganligi bildirildi.

Masalani o‘rganish davomida mahallada 57 dona yangi simyog‘ochlar o‘rnatish zarurligi ma’lum bo‘lgan. Shu maqsadda deputat “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga deputatlik so‘rovi kiritdi. Masala manzilli dasturga muvofiq hal etilishi belgilandi, uning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi deputat nazoratiga olindi.

Albatta, muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi. Muhimi, u o‘z vaqtida hal etilishi zarur. Bu esa partiya deputatlaridan mas’uliyat, bilim, tezkorlik, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashni taqozo etadi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyat kengashi matbuot xizmati.