Afg‘onistonda snaryad portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Afg‘onistonning Tolo News telekanali xabar berishicha, mamlakat janubidagi Zobul provinsiyasida snaryad portlashi oqibatida besh nafar tinch fuqaro, jumladan, uch bola va ikki ayol halok bo‘ldi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, snaryad ushbu viloyat ma’muriy markazi Kalat shahridagi turar-joy binosiga tushgan. Shifokorlarning aytishicha, yana 14 kishi jarohatlangan. Ularning ahvoli og‘ir.

Mahalliy politsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, snaryadni «Tolibon» jangarilari otgan.

Afg‘onistonda hukumat va qishloq joylaridagi muhim hududlarni egallab olgan va yirik shaharlarga hujum uyushtirgan «Tolibon» jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik avj olmoqda.

Vaholanki, 2020 yil 12 sentyabrda Qatar poytaxtida Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlandi. O‘sha yili Vashington va «Tolibon» rasmiylari Doxada 18 yildan ortiq davom etgan urushda ilk bor tinchlik shartnomasini imzolashdi. Unda chet el qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi va mahbuslar almashinuvidan so‘ng afg‘onlararo muloqot boshlanishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo keyingi yili qarama-qarshilik keskinlashdi.