Ahmadjon Qurbonov kim bo‘lgan? Yoki 24 yoshli qahramon haqida hikoya
Ikkinchi jahon urushi yillarida 1,5 milliondan ziyod O‘zbekiston farzandlari tinchlik va ozodlik uchun mardonavor jang qilgan. Ularning har uch nafaridan biri o‘z yaqinlari bag‘riga qaytmagan. Jangovar jasoratlari uchun 338 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, 53 kishi «Shuhrat» ordenining uchala darajasi bilan taqdirlandi. 120 mingdan ortiq jangchi va komandirlar orden va medallar bilan mukofotlandi. Qahramonlar orasida Samarqand farzandi Ahmadjon Qurbonov ham bor.
Ahmadjonga borasizmi?
Janggohlarda jasorat ko‘rsatib, 24 yoshida qahramonlik unvoniga sazovor bo‘lgan o‘zbek o‘g‘loni haqida xotira yozish maqsadida Jomboy tumanining Qo‘lbosti mahallasi tomon yo‘lga chiqdim. Manzilga olib boradigan avtoulovlardan biriga yaqinlashganimda haydovchi «Ahmadjonga borasizmi?» dedi mashinasi tomon boshlab. Tasdiq ishorasini qildim. To‘planib turgan boshqa mashinalar haydovchilari ham «Ahmadjon, Ahmadjon» deyishardi.
Yo‘lda o‘rta yosh shofyor yigitdan «Ahmadjon deganingiz kim?» deb so‘radim talmovsirab. U esa «Bilmadim, joy nomi bo‘lsa kerak-da», dedi yelkasini qisib. Mashinadagi boshqa yo‘lovchilarga ham shu savolni berdim. Afsuski, ular ham mujmal javob qaytarishdi. Faqat bir kishi «Qishlog‘imizda shunaqa bir odamga haykal (byust demoqchi) qo‘yishuvdi, u buzilib ketdi, hozir 2-maktabning eski binosida turibdi, shu odam bo‘lsa kerak», dedi.
- Xayriyat, sal-pal bilar ekansiz, - dedim unga rahmat aytib.
Qo‘lbosti mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahim Abduvohidov bilan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisiga - Ahmadjon Qurbonov xotirasiga byust o‘rnatilgan joyga keldik. Byust bir tor joyda, dov-daraxtlar qurshovida mung‘ayib turar, hovliga daf’atan kirgan kishi uni ilg‘ab olishi dargumon edi.
- Byust 1970 yillarda o‘rnatilgan. Uning ochilishiga o‘sha paytda Ahmadjon Qurbonovning Leningradda istiqomat qilayotgan Tamara ismli qizi, Toshkentdan mehmonlar ham kelishgan, - dedi maktab direktori Husniddin Abdushukurov. – Hozir maktabimiz kasb-hunar kollejining zamonaviy binosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Nasib bo‘lsa, byustni ham o‘sha yerga ko‘chirib o‘tkazamiz. Bunga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
«Xo‘sh, Ahmadjon Qurbonov kim bo‘lgan va u kishini kim yaxshi biladi?» degan savolimga 90 yoshni qoralab qolgan Yaxshilik bobo Eshmurodovni aytishdi. Qishloq sovetida, davlat xo‘jaligi hamda uzoq yillar maorif sohasida mehnat qilgan otaxon Ahmadjon Qurbonovning jiyani ekan.
Yaxshilik boboning hikoyasi
Biz Yaxshilik boboni suhbatga tortdik. Otaxon bir entikib olgach: «Ahmadjon akaning hoki-poki o‘zga yurtlarda - Polsha tuprog‘ida qolib ketdi. U yerda uni e’zozlashib «Ozodlik qahramoni» deb atashar ekan. 1975 yilda iztoparlar ko‘magida qarindoshim yotgan joyga borishga harakat qildim. Biroq niyatim amalga oshmay qoldi. Ayrim amaldorlarning mone’ligi sabab borolmadim. Juda-juda afsusdaman. Ahmadjon Qurbonovning hayoti va faoliyati, urush yillarida ko‘rsatgan jasorati to‘g‘risida to‘plangan hujjatlar asosida yozib qo‘ygan qoralamalarim bor. Uni o‘zlaringiz o‘qib olarsizlar», dedi.
Biz shunday qildik. Otaxon yozgan bitik bilan O‘zbekiston Respublikasi Xotira kitobida Ahmadjon Qurbonovga ajratilgan ma’lumotlar bir-biriga mosligini hisobga olib undan foydalandik va quyidagilarni yozishga kirishdik. Ahmadjon Qurbonov 1921 yilda Jomboy tumanidagi Sherqo‘rg‘on qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Yettinchi sinfgacha G‘azira qishlog‘ida, so‘ngra eski Jomboydagi maktablarda o‘qigan. Samarqand shahridagi uch yillik ishchilar fakultetida tahsil olgach, tuman yoshlariga yetakchi etib saylangan. Yoshlarga xos o‘t-olov emasmi, u bir yig‘inda tuman rahbari bilan masala talashib qoladi. Bu esa «katta»larga yoqmaydi. Uni Tojikistonning Ko‘lob viloyatiga o‘qituvchi qilib yuborishadi. Buni qarangki, Ahmadjon o‘z baxtini o‘sha yerdan topadi. O‘qituvchi sifatida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)dan kelgan Mariya Smirnova degan qiz bilan turmush quradi. Keyinchalik Mariyaning tavsiyasi bilan u Leningrad universitetining tarix fakultetiga sirtdan o‘qishga kiradi. O‘qishni tamomlab qaytgach, til bilganligi va o‘zidagi g‘ayrat-shijoatni hisobga olgan viloyat harbiy komissariyati Ahmadjonni Tombov shahridagi kichik komandirlar tayyorlash harbiy bilim yurtiga o‘qishga yuboradi. Keyinchalik oliy zobitlar kursini bitiradi. O‘qishni bitirib, uyiga qaytaman deganida urush boshlanadi. Turmush o‘rtog‘i shu paytda homilador bo‘lib Ahmadjonni intizorlik bilan kutayotgan edi. Biroq daf’atan boshlangan qattol urush ularning uchrashishiga to‘sqinlik qiladi. O‘shanda Ahmadjon xotiniga «Mariya sen Leningradga onangning uyiga bor, o‘sha yerda senga oson bo‘ladi» deb xat yozadi. Ammo Mariyaga oson bo‘lmaydi. Ahmadjonni ko‘rish unga nasib etmaydi…
Gvardiyachi mayor jasorati
1943 yilda Ahmadjon Qurbonov komandirligidagi o‘qchilar bataloni 1-Belarussiya frontiga kelib qo‘shiladi va fevral oyida fashistlar bilan bo‘lgan jangda yaralanadi.
A. Qurbonovning yuksak harbiy mahorati, jasorati va qahramonligi, 1944 yilning iyun oyida fashistlar mudofaasining Bobruysk yo‘nalishini yorib o‘tish uchun bo‘lgan janglarda, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Bagration” operatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanib borardi. A. Qurbonov rahbarligidagi batalon bosqinchilarga qaqshatqich zarba bergan holda polk hujumidan uch kun ilgari Guxlino qishlog‘ining shimolrog‘ida dushman pozitsiyalariga 45 kilometr kirib borib, Narev daryosiga chiqdilar. Gvardiyachilarning hujumini to‘xtatish maqsadida fashistlar ularga qarshi yirik piyoda askarlar qismlari va tanklarini tashladilar. Buning ustiga osmondan fashist samolyotlari to‘xtovsiz bomba yog‘dirardi.
Ana shunday murakkab va o‘ta qiyin sharoitda batalon komandiri A. Qurbonov taktik ayyorlik ishlatdi. Dushmanning ko‘ziga daryoning ma’lum bir qismidan go‘yo batalon jangchilarini kechib o‘tayotgandek qilib ko‘rsatdi. O‘zi esa batalonning katta qismi bilan daryoning boshqa joyidan kechib o‘tib Kornevsk qishlog‘iga chiqdi. Komandirning taxmini o‘zini oqladi. Daryoning qarama-qarshi qirg‘og‘ida kichik talafot bilan muhim platsdarm egallandi.
Ammo bu hali jangovar harakatlarning boshlanishi edi, xolos. Gvardiyachi mayor Qurbonov hujumni yanada rivojlantira borib, dushmanning qirg‘oqbo‘yida joylashgan nuqtalarini ham ishg‘ol qilishga buyruq berdi. Chunki shunday qilinsa, polk asosiy qismining daryodan kechib o‘tishi uchun imkoniyat yaratilar edi.
Dushman himoya chizig‘ining ichkarisiga kirib borar ekan, batalon jangchilari bosqinchilarning pozitsiyalariga qaqshatqich zarbalar berdi. Bundan tashqari, son jihatidan tengsiz bo‘lgan qo‘l jangida gitlerchilarni transheyalardan quvib chiqarib, 91,3 raqamli muhim tepalikni egalladilar hamda Sivesheno qishlog‘ining shimoli-sharqidagi shosseni to‘sib qo‘ydilar. Varshava hamda Shimoliy Prussiya chegarasiga olib chiquvchi, Narev daryosi bo‘yidagi muhim tayanch nuqtalaridan kutilmaganda ajralish nemis qo‘mondonligini sarosimaga solib qo‘ydi.
Oqshom tushishi bilanoq dushman qarshi hujumga o‘tdi. Bosqinchilar qo‘ldan boy berilgan pozitsiyalarini yana qaytarib olishga jon-jahdi bilan urindi, ammo ularning barcha harakatlari mard jangchilarimiz tomonidan bartaraf etildi. Belorussiya yerlarida dushmanga qaqshatqich zarbalar bergan sovet qo‘shinlari Polsha hududiga kirdilar. Urush boshlangan yerga - fashistlar reyxining chegarasiga yaqinlashib kelardi. Jasur batalon komandiri ona yeridan uzoqlashib ketgandi. Urush nihoyasiga yetib borardi. Urushning olovli yo‘llarida Ahmadjonning turmush o‘rtog‘i Mariya va besh yashar qizi Tamaraning maktublari quvib yetar va unga dalda bo‘lardi. Ular Ahmadjonning g‘alaba bilan qaytishiga ishonardilar. Ammo jasur komandir A. Qurbonovga uyga qaytish nasib etmadi. G‘alabaga bor-yo‘g‘i ikki oy qolganida, 1945 yilning 6 fevral kuni jangda o‘zbek xalqining mard o‘g‘loni, mayor Ahmadjon Qurbonov qahramonlarcha halok bo‘ldi.
A. Qurbonov Polshaning Plotsk viloyati, Grausensk uyezdidagi Sheynax qishlog‘i yaqiniga harbiy izzat-ikrom bilan dafn qilinadi.
SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1945 yil 24 martdagi farmoniga ko‘ra, Narev daryosini kechib o‘tishda ko‘rsatgan ulkan jasorati uchun gvardiyachi mayor Ahmadjon Qurbonovga o‘limidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvon berildi.
Haykallar qayta «tiriladi»mi?
2020 yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida «Biz mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk G‘alabani ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz» deya ta’kidladi. Zero, urushda qatnashgan hamda frontortida zahmat chekkan har bir inson shunday e’zozga loyiqdir.
Yillar o‘tishi bilan joylarda urush qatnashchilari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik va lavhalar bir muddat unutilgandek bo‘ldi. Ular qarovsiz qoldirildi. Xalqimiz mardligi va jasoratini namoyish qiladigan bu jonsiz siymolarni endi «qayta tiriltirish», vatandoshlarimiz xizmatini yoshlarimiz ongiga, shuuriga singdirish vaqti keldi. Mardlik va jasorat esa hech qachon unutilmaydi.
Jumladan, 24 yoshida Qahramon bo‘lgan Ahmadjon Qurbonovdek o‘zbek o‘g‘lonlarining nomi mangulikka daxldordir.
Uning nomi abadiylashtirilgan. Jomboydagi bir mahalla, o‘quvchilarning yozgi oromgohi uning nomi bilan ataladi. Bitta davlat xo‘jaligi faoliyati tugaganiga qadar «Ahmadjon Qurbonov» nomida edi. Yuqorida tilga olganimiz - yo‘lovchilarning qalbiga yoshligidan ana shu ism jo bo‘lib qolgan bo‘lsa ajab emas.
Adham HAYITOV.