Aholi har oyning o‘ninchi sanasigacha chiqindi uchun pul to‘laydi – to‘lov odam boshiga 2900 so‘m

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni undirish joriy yilning 1 yanvaridan boshlab prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosiga yuklandi.

2018 yilning o‘zida maishiy chiqindilarni tashish tizimini shakllantirish, rivojlantirish maqsadida 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ilgari aholida debitor qarzdorlik yuzaga kelsa, uni majburlab undirishning imkoni yo‘q edi. Vazirlar Mahkamasining "Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, chiqindi xizmatlariga to‘lovni amalga oshirmagan qarzdor aholi yoki yuridik shaxslarga penya qo‘llash amaliyoti joriy qilindi. Aholi chiqindi pulini vaqtida to‘lamasa, har bir kechiktirilgan kun uchun 0,1 foiz penya to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Yuridik tashkilotlar uchun esa bu 0,4 foiz.

Yuridik shaxslar, ya’ni tashkilotlar, tadbirkorlar, davlat korxonalari chiqindi pulini 100 foiz oldindan to‘lab berishi shart. Shu paytgacha avval xizmat ko‘rsatib, keyin puli olinardi.

Aholi har oyning o‘ninchi sanasigacha chiqindiga to‘lovni amalga oshirishi lozim. Samarqand shahar hokimi tasdiqlagan tarifga ko‘ra, xonadonlardan chiqarilayotgan chiqindi uchun odam boshiga 2900 so‘m to‘lov belgilangan.