Aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsata olasizmi?
Viloyat transport boshqarmasida "Shahar, shahar atrofi va shaharlararo - viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish va ochiq tenderlar o‘tkazish komissiyasi" tomonidan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha tender tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda.
Oxirgi tanlovda 25 ta yo‘nalishli taksi va 19 ta avtobus yo‘nalishlariga bittadan, 6 ta yo‘nalishli taksi va 1 ta avtobus yo‘nalishiga 2 tadan talabgor o‘z tender takliflari bilan ishtirok etib, ular orasidan g‘oliblar aniqlandi.
Yaqinda tender komissiyasi ishchi guruhi tanlovning haqqoniy o‘tganligini o‘rganish maqsadida g‘olib bo‘lgan bir nechta yo‘lovchi tashish korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Tender tanlovida 443-raqamli "Chayjovul - Loyish - Shohi Zinda" yo‘nalishli taksi marshrutida g‘olib bo‘lgan "Amirxon trans" MChJ o‘rganilganda, tenderda ko‘zda tutilgan 4 ta mikroavtobusning 2 tasini nazoratdan o‘tkazish uchun taqdim qildi. Ularning birida belgilangan o‘rindiqlar soni qo‘lbola tarzda 2 taga oshirilgan. Shuningdek, avtomobillar saloni va o‘rindiqlari holati ham talabga javob bermaydi. Yo‘nalishga chiqish oldidan avtomobillarning texnik, haydovchilarning esa tibbiy ko‘riklari belgilangan talablar darajasida amalga oshirilmagan. Nazorat-texnik punkti zarur darajada jihozlanmagan.
Tanlovda 538-raqamli "Jom - Xo‘ja Ahror Vali" yo‘nalishli taksi marshrutida g‘olib chiqqan Nurobod tumanidagi "Feruzbek Sanjar trans" MChJ haydovchilari umumiy masofasi 54,8 kilometrga yo‘lkira narxini 5200 so‘m o‘rniga 6000 so‘m qilib belgilab qo‘ygan. Bu esa har bir yo‘lovchi uchun 1 kilometr masofaga 95 so‘m o‘rniga 109 so‘m haq olinayotganini bildiradi. Shuningdek, shu paytgacha ishlab kelgan navbatchi mexanik I.Qurbonov korxonaga rasmiy tarzda ishga qabul qilinmagan.
Ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 15,1 kilometrlik 313-raqamli "Payshanba - Kadan - Tasmachi" yo‘nalishiga da’vogarlik qilgan "Alisher nur trans servis" MChJda ham bir qator texnik kamchiliklar borligini aniqladi. Jumladan, tender takliflarida yo‘lkira 1200 so‘m deb ko‘rsatilgan. Biroq avtobuslarda yo‘l haqi 2500 so‘m deb yozilgan.
Mavjud ikkita avtobusning old oynalari darz ketgan, shuningdek, korxonaning texnik nazorat punkti kerakli asbob-anjomlar bilan to‘liq jihozlanmagan. Mexanik jurnalida mashinalarning kelish va ketish vaqtlari, spidometr ko‘rsatkichlari qayd etilmagan. Haydovchilar yo‘l harakati xavfsizligi, yo‘lovchilarni tashish, yo‘l belgilari to‘g‘risidagi tushunchalari bo‘yicha suhbatdan o‘tkazilib, ogohlantirilganligi qayd etiladigan daftar yuritilmagan.
Ishchi guruh o‘rganishlari bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarga asosan kamchiliklar ishtirokchilar tender takliflarining haqqoniyligi tasdiqlanmaganligi uchun ularning ayrimlarida qayta tender tanlovi o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Qator yillar davomida tenderlar nomigagina o‘tkazildi. Biror bir yo‘nalish tanlovga qo‘yilsa, g‘olib korxona avtomashinalaridan tashqari yana yuzlab noqonuniy mashinalar bu xizmat bilan shug‘ullandi. Biroq aholiga namunali transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida endi bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo hamon ayrim yo‘lovchi tashuvchi korxonalar tenderda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmasdan, faqat qog‘ozdagina barcha sharoitlar mavjud deb yozib kelmoqda. Aslida ularda na talabga javob beradigan texnik baza va asbob-uskunalar, na haydovchilar uchun yetarli shart-sharoit bor.
Yo‘lovchilar har tomonlama qulay, sifatli avtotransport xizmatidan foydalanishni istaydi. Buni shu sohada mehnat qilayotgan korxona egalari tushunib yetishi zarur.
Dilmurod TO‘XTAYeV.