Aka-uka firibgarlar hamtovoqlari bilan 200 kishini 7 milliard so‘mga chuv tushirdi
Amaldagi Jinoyat kodeksining «O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish» deb nomlangan X bobidan joy olgan 6 ta jinoyat orasida, ayniqsa, firibgarlik odamlar o‘rtasidagi eng muqaddas rishtalardan biri — ishonchni suiiste’mol qilish orqali sodir etilishi bilan o‘ta xavfli. Achinarlisi, so‘nggi paytda firibgarlikning ko‘lami kengayib bormoqda. Oson yo‘l bilan mo‘may daromad topish hamda tez orada boyib ketishni xohlovchi nafs bandalari firibgarlikni o‘zlariga kasb etishmoqda.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida yashovchi aka-uka O‘ktam va Rustam Qo‘chqorovlar ham osongina boyib ketishni ko‘zlab, firibgarlikka qo‘l urishdi. Gap shundaki, O‘.Qo‘chqorov dastlab Akmal To‘laganov rahbarlik qilgan jinoiy guruh tarkibida Erkin Qosimov va Gulnoza O‘ralova (jinoyat ishining ularga oid qismi jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida ko‘rib chiqilgan)lar bilan birga turli xil jinoiy qilmishlarga qo‘l urgan. Ya’ni, A.To‘laganov avvaliga aholiga transport vositalarini ijara va lizing asosida berish niqobi ostida «Jasmina Biznes», «Prime Invest Leasing», «Prime Avto Leasing», «Mubina avto trans biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini tashkil etgan. Avvaliga, u ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga o‘zi rahbarlik qilgan. Keyin esa o‘rnini O‘ktam Qo‘chqorovga bo‘shatib bergan.
Oqibatda jinoiy guruh a’zolari 2016 yil dekabr oyidan boshlab lizing shartnomasi asosida avtomashina olish istagida yurgan fuqarolarning milliardlab mablag‘ini yuqorida nomi qayd etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga jalb qilib, ularni boplab «chuv» tushirishgan. Masalan, «Jasmina Biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga «Spark» rusumli avtomashina sotib olish yuzasidan murojaat qilgan Umidaxon Fatxudinovaga quyuq va’da berishadi.
— Sizga 3-4 oy ichida o‘zingiz xohlagan rangdagi «Spark»ni olib beramiz. Faqat shartnomaga ko‘ra, avtomashina narxining o‘ttiz foizi va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlarini oldindan to‘lashingiz kerak, — deya mijozga 2016/01-sonli shartnomani taqdim qilishadi.
Shunga binoan, U.Fatxudinova dastlabki to‘lov sifatida 13 200 000 so‘m to‘laydi. Ammo firibgarlar belgilangan muddat o‘tib ketsa-da, va’dalarini qasddan bajarmay, olingan mablag‘ni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishadi. Shuningdek, «Kaptiva» rusumli avtomashina sotib olish niyatida yurgan Sharof Jiyanov ham 2017 yil 10 mart kuni 2017/23-sonli lizing shartnomasiga imzo chekib, 65 000 000 so‘m naqd pul to‘laydi-yu, biroq orzusi amalga oshmaydi. Chunki firibgarlar va’dalariga vafo qilmay, mablag‘ni allaqachon hazm qilib yuborishgandi.
Buni qarangki, «hojatbaror»lar Doniyor Zinatullayevni sal boshqacharoq tarzda aldashadi. O‘shanda ularning quyuq va’dasiga ishongan Doniyor 2017 yil 11 maydagi 2017/23-sonli lizing shartnomasiga muvofiq «Spark» avtomashinasini sotib olish uchun «Prime Invest Leasing» mas’uliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga 19 812 000 so‘m miqdorida naqd pul topshiradi. Biroq va’da qilingan 3-4 oy muddatda avtomashina yetib kelmaydi. Shunda jinoyat ishining unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxs «Art texno treyding» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan vaqtinchalik ijaraga olingan, davlat raqami «01 954 TEA» bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashinani ishonch-noma orqali D.Zinatullayevga topshiradi. Oradan ko‘p o‘tmay Doniyor YHXB xodimlari avtoulovni jarima maydoniga kiritib qo‘yishgach, aldanganini tushunib yetadi.
Shu tariqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Hamtovoqlar esa jinoyat izlarini yashirish maqsadida, «Jasmina Biznes», «Prime Invest Leasing», «Prime Avto Leasing» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning 2016 yil dekabrdan 2017 yil may oyigacha bo‘lgan davrdagi birlamchi buxgalteriya va moliyaviy xo‘jalik faoliyatiga doir hujjatlarini, muhr va shtamplarini, mijozlar bilan tuzilgan lizing shartnomalarini, mazkur shartnomalar asosida qabul qilingan dastlabki to‘lovlar haqidagi kvitansiyalarni qasddan yo‘q qilishadi. O‘ktam Qo‘chqorov esa tergovdan qochib, yashirinadi. Bu ham yetmagandek, bu firibgar kimsa «Prime Avto Leasing» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qo‘shimcha ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida «Nukus auto leasing», «Xorazm auto leasing», «Laziza avto kredit plyus», «Anastasiya Avto Servis», «Turon trans avto kredit», «Buhara biznes trans plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, «Buhara biznes trans plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyatining «Buxoro-1» va «G‘ijduvon» filiallarini tashkil qilib, jinoiy faoliyatini davom ettiradi.
Bunda unga ukasi Rustam Qo‘chqorov, xorazmlik Dilmurod Allanazarov, Bekzod Rajabov, Xursand Sobirov, Jalol Rahimov, nukuslik Rustam Zulxanderov va navoiylik Aziza Safarovalar jinoiy sherik bo‘lishadi. Bu kimsalar avtomashina olish istagida yurgan soddadil kishilarni lizing shartnomasiga qiziqtirib, yuqorida nomi qayd etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatini turli usulda reklama qilish bilan mashg‘ul bo‘lishgan.
Romitanlik Gulnora Hojiyeva ham firibgar hamtovoqlardan jabrlanganlardan biridir. Ma’lum bo‘lishicha, G.Hojiyeva «Jentra» avtomashinasini sotib olish maqsadida tumanning Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Turon trans avto kredit» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga murojaat qiladi. Shundan so‘ng G. Hojiyeva bilan mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 21/07-sonli lizing shartnomasi tuziladi. Shartnomaga asosan ayol dastlabki badal va komission to‘lov sifatida jami 59 280 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ni jamiyatga topshiradi. Bunga javoban uddaburonlar avtomashinani 3-4 oy ichida yetkazib berishni aytishadi. Ammo va’da va’daligicha qolib ketadi. Mijoz tomonidan topshirilgan pullar aka-ukaning kayfu safosiga sarflanadi.
Qashqadaryolik Farhod Rahimov esa 2018 yil avgust oyida «Qashqadaryo» va «Nasaf» telekanallarida efirga berilgan reklama orqali tuzoqqa tushdi. Ya’ni, mahalliy televideniyeda «Laziza avto kredit plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan avtomashina sotib olish imkoniyati borligi xususida reklama (e’lon) beriladi. Buni ko‘rgan Far-hodjon ukasi Sherzod Mirzaqulov bilan «Kobalt» mashinasi sotib olish haqida maslahatlashadi. Shu maqsadda 2018 yil 17 avgust kuni mas’uliyati cheklangan jamiyatiga borishganda ularni Rustam Qo‘chqorov kutib oladi.
“Men jamiyat direktoriman”, deb o‘zini tanishtiradi u. So‘ng aka-uka mijozlarga lizing shartnomasi shartlarini tushuntiradi. Pirovardida, shartnoma rasmiylashtirilgach, Sh.Mirzaqulov avtomashina uchun avval 43 700 000 so‘m, keyin yana 5 700 000 so‘m to‘laydi. Biroq R.Qo‘chqorov boshqa mijozlar singari ularning qo‘ynini ham puch yong‘oqqa to‘ldirib, va’dasining ustidan chiqmaydi.
Shunday qilib, «qahramon»larimiz 200 nafar kishini 7 milliard so‘mga chuv tushirishadi. Lekin Sherzod Mirzaqulov bilan shartnoma imzolangandan so‘ng oradan 10 kun o‘tib, IIB xodimlari ularni qo‘lga olishdi. Negaki, A.To‘laganovning jinoyat ishi bo‘yicha, qolaversa, jabrlanuvchilarning murojaatiga asosan tezkor xodimlar allaqachon O‘.Qo‘chqorov boshchiligidagi jinoyatchilarning iziga tushishgandi. Oqibatda ularning har biriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yaqinda ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida ko‘rib chiqildi. Ustamonlikni qarangki, sudda guvoh sifatida so‘ralgan Akmal To‘laganov O‘ktam Qo‘chqorovni 2016 yil noyabr oyidan buyon tanishini, o‘zi «Jasmina biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatida hisobchi bo‘lib ishlagani, jamiyatga qancha odam to‘lov qilganligini bilmasligini ma’lum qildi. Vaholanki, u aksariyat mijozlarga o‘zini jamiyat rahbari, deb tanishtirgan.
Albatta, sud sudlanuvchilarni qonuniy jazoga mahkum etdi.
Jumladan, O‘ktam Qo‘chqorov 14 yil, Rustam Qo‘chqorov esa 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar aybdorlardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Endi haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, O‘ktam va Rustam Qo‘chqorovlar shuncha kishini aldash evaziga milliardlab pul topib nimaga erishdi? Ularning oxir-oqibat topgani uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘ldi, xolos. Eng achinarlisi, ota-onasini farzand dog‘ida, guldek farzandlarini ota mehriga zor qilib kuydirganlari qoldi.
Muso YuSUPOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi sudyasi.