Aliment to‘lashdan bosh tortgan ota 7 oyga ozodlikdan mahrum etildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud qaroriga asosan qarzdor Akrom Tolibjonov tomonidan undiruvchi Dilobar Jalolovaning foydasiga bir nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.
Biroq, qarzdor A.Tolibjonov aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi sababli, Kattaqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 474-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi xabar bermoqda.
Fuqaro A.Tolibjonov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan qasddan muttasil bo‘yin tovlab kelgan.
Oqibatda, uning qarzdorligi 2017 yil dekabr oyidan hozirgacha 9 million so‘mga yetgan.
Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan fuqaro K.Salimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib sudga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi A.Tolibjonovni aybdor deb topdi va yetti oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Shuningdek, undan Dilobar Jalolovaning foydasiga 9 million so‘m miqdorida aliment to‘lovi undiriladigan bo‘ldi.