Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxsga 1 oylik ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash taklif etildi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2022 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan hisobot bergan boshqarma boshlig‘i M.Nasrullayev shunday taklif bildirdi.
– Joriy yilning 1 iyul holatida aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 34508 tani, ya’ni boshqarma ish yurituvidagi ijro ishlarining 28,3 foizini tashkil qiladi, – dedi M.Nasrullayev. – Ushbu davrda amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 59,5 mlrd. so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi.
Bu toifadagi ijro ishlari bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar maslahatchilari hamda masjidlar imom-xatiblari bilan hamkorlikda qarzdor va undiruvchilar o‘rtasida profilaktik suhbatlar olib borish orqali yosh oilalarni yarashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda aliment to‘lovchi qarzdor otalar ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligini ta’minlab, aliment undiruvlari ularning ish haqlariga qaratib kelinmoqda.
Shu bilan birga, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan 521 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlikka va 77 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha aliment oluvchilar nomiga shaxsiy bank plastik kartalari ochilib, 6 oy davomida 45,4 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari o‘tkazib berilgan.
– Aliment undiruvi bilan bog‘liq eng katta muammo – aliment to‘lovchining doimiy daromad manbaiga ega emasligi, ishsizligi bo‘lmoqda, – dedi M.Nasrullayev. - Ishsiz aliment to‘lovchi shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha ish taklif qilinganida, ularning aksariyati buni rad etmoqda. Lekin yakka tartibdagi mehnat faoliyati (mardikorlik) yoki boshqa daromad keltiruvchi norasmiy faoliyat bilan shug‘ullanib yursa-da aliment qarzlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaydi. Bunday hollarda qarzdorga nisbatan dastlab, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi. Ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqandan so‘ng ham ikki oy davomida aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan qarzdorlar Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Afsuski, bundan ham xulosa qilmaydiganlar uchraydi. Shuning uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritilib, ishsiz aliment to‘lovchi shaxs tomonidan aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi holati bo‘yicha unga nisbatan ma’muriy jazo tariqasida qo‘llaniladigan 15 sutkalik ma’muriy qamoq muddatini 1 oyga o‘zgartirib, huquqbuzarni haq to‘lanadigan majburiy mehnatga jalb qilib, unga to‘langan ish haqini aliment qarzdorligini qoplash uchun yo‘naltirishni taklif qilamiz. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan aliment bo‘yicha majburiyatni bajarishdan bo‘yin tovlagan qarzdorlarga nisbatan haq to‘lanadigan majburiy mehnatga jalb qilish jazo chorasini joriy etish kerak, deb hisoblaymiz.