Amaliyotchi talabalar: biri homilador, birining vaqti ziq, boshqasi...

Xonamga ikki qiz kirib keldi, biri dadilroq, boshqasi holsizroq. Maqola olib kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.

- Biz talabamiz, amaliyotga keldik, - dedi dadilrog‘i. – To‘g‘rirog‘i, men emas, mana bu dugonam, - deya holsizrog‘iga qaradi. Dugonasi naq yonidagisining yelkasiga boshini qo‘yib, mazasi yo‘qligini yaqqolroq sezdirishga harakat qildi. Tabiiyki, amaliyot o‘tamoqchi bo‘lgan qizning ahvoli nega unaqa ekanligi bilan qiziqdim. 

- Bu dugonam homilador, toksikozi juda og‘ir o‘tyapti, - uyatni ham yig‘ishtirib shartta javob berdi dugonasi.

- Qaysi mavzularda maqola yozasiz o‘zi? Yoki qaysi sohalarga qiziqasiz, shunga mos tarzda topshiriq beraman.

- Iye, buning ahvolini ko‘rmayapsizmi? Dugonam amaliyotga kelolmaydi-da, shuning uchun amaliyot varaqasiga qo‘l qo‘yib berarsiz-a, o‘n kunlar o‘tgach?

Bu iltimosmi, buyruqmi, hiylami - tushunolmay, mayli, dedim.

Keyin eshitsam, amaliyot o‘tash uchun boshqa hamkasblarim yoniga kelgan talabalarning ham ahvoli shu ekan. Birovi uzoqda yashayman, qatnay olmayman, desa, biri vaqti juda ziqligini, amaliyot bilan boshini qotirib o‘tirmasligini ro‘kach qiladi, yana biri chaqalog‘ini ko‘tarib keladi.

Amaliyot boshqa aksar kasblar qatori jurnalistikada ham eng muhim jarayonlardan sanaladi. Ayniqsa, shu soha orqali non topaman, kelgusida yaxshi mutaxassis bo‘lishni istayman, degan talaba borki, amaliyotga jiddiy e’tibor qaratadi, sohaning sir-asrorlarini o‘rganishni istaydi. Toshkentda, jurnalistika sohasida o‘qiydigan talabalar bilan ishlaganimizda xuddi shunday qiziquvchanlik va intiluvchanlikni kuzatgandik. Axborot yozishdan boshlab, maqola dunyo yuzini ko‘rish jarayonini batafsil o‘rganib, bir oy davomida gazeta va saytda bir nechta chiqishlar qilib, amaliyotni samarali o‘tab ketganlari qancha. Ularning aksariyati bugun u yoki bu nashrlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Afsuski, Samarqand davlat chet tillar institutining jurnalistika bo‘limi talabalarida bunday intilishni kuzatmadik. To‘g‘risi, intilish bo‘lmagan talabaga sohani o‘rgatish ham foydasiz.

Ulardan yana biri “diplom ishimni boshlab qo‘ygandim, mavzusi “Eski turdagi ommaviy axborot vositalari...”, deya gap boshladi. To‘g‘risi, mavzuni oxirigacha eshitolmadim ham.

Eski turdagi ommaviy axborot vositalari, deganda nima nazarda tutilyapti, degan savolga menimcha nafaqat talaba, unga mavzu bergan ustozi ham javob berishga qiynalsa kerak.

Umuman, holatlar bir emas, bir necha marta ko‘zga tashlanmoqda. Bu haqda jiddiy bosh qotirib, o‘ylab ko‘rish kerakdir.

Gulruh Mo‘minova.