Amerikalik erkak COVID-19 ning turli asoratlari bilan ikki marta kasallandi
Amerikalik Jordan Jozi COVID-19 ning turli asoratlari bilan ikki marta kasallandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
29 yoshli erkak birinchi marta shu yil bahorning boshida kasallangan. O‘shanda uning tana harorati ko‘tarilgan, nafasi qisilgan va tanasida og‘riqlar paydo bo‘lgan. Kasallanganidan so‘ng, ikki oy o‘tib uning qonida anti tanachalar aniqlangan. Jozining o‘zi oldingi turmush tarziga qaytgan va sport bilan shug‘ullanishini davom ettirgan.
Biroq iyun oyida uning ishtahasi yo‘qolgan va kuchli charchashni his qilgan. Buning oqibatida u ko‘chaga ham chiqa olmay qolgan, hatto telefon orqali gaplashishga ham holi bo‘lmagan. Shundan so‘ng, Jozi yana koronavirusga test topshirgan va unda ikkinchi marta COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan.
Minnesota universiteti tibbiyot fakulteti yuqumli kasalliklar va xalqaro tibbiyot kafedrasi tibbiyot fanlari professori, doktor Syuzan Klaynning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar takroriy yuqish misollari bo‘lishi mumkin. Buni aniqlash uchun shifokorlar virus namunalarining genetik ketma-ketligi tahlilini amalga oshirishlari zarur.