Amerikaning ayrim shtatlarida koronavirusdan kasallanish holati rasmiy ma’lumotlardan 13 barobar ko‘p bo‘lishi mumkin
Bu haqda Worldometers portali taqdim etgan ma’lumotlar guvohlik bermoqda.
22 iyul Toshkent vaqti bilan soat 06:30 holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 15 091 880 nafarga yetdi. Umumiy hisobda 619 410 nafar bemor vafot etgan.
Ushbu ko‘rsatgich 18 iyul kuni 14 millionga yetgan edi. Shu tariqa to‘rt kun ichida bir million kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani aniqlandi.
Worldometers hisoboti Jons Xopkins universiteti hisobotidan biroz farq qiladi. Jons Xopkins universiteti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga qadar dunyoda 14 893 706 nafar kasallanish holati aniqlangan.
AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi mutaxassislarining fikricha, AQShda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning real soni rasmiy ma’lumotlardan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar kasallik yuqtirganligiga shubha qilinmayotgan aholi orasida koronavirusga qarshi anti tanachalar bor odamlarni aniqlash maqsadida tahlil o‘tkazishdi. Tahlildan o‘tganlarning ko‘pchiligida yengil holatda kechayotgan koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shundan so‘ng mutaxassislar, ayrim shtatlardagi kasallanish holati rasmiy ma’lumotlardan 13 barobar ko‘p bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.