Amir Temur masjidini qachon o‘z nomi bilan ataymiz?
Tarixiy bir voqelik haqida so‘z yuritmoqdan oldin bundan taxminan 25 yillar muqaddam akademik, Samarqandning “ilmiy vijdoni” deb nom olgan Boturxon Valixo‘jayev bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni xotirlashni lozim topdim. Bu inson Samarqand shahrining tarixini yaxshi biladigan, o‘zgacha bir mehr bilan alqaydigan alloma edi.
Tabiiyki, suhbatimiz temuriylar davri me’moriy yodgorliklari, ularni barpo etgan tarixiy shaxslar xususida bordi. Shunda ustoz "Siyob" bozori yonidagi muhtasham Amir Temur jome masjidi tarixi haqida so‘zlar ekan, “Aslida bu masjid Amir Temur tomonidan barpo etilganligi aniq-ku, nega temuriy malika Bibixonim (Saroymulkxonim) nomiga nisbat berilganligiga, uning nomi zarhal harflar bilan yozilib, peshtaxta o‘rnatilganiga hayron qolaman”, degan edi.
Darhaqiqat, bugun ham o‘sha Bibixonim nomi zikr etilgan zarhal peshtaxta masjid darvozasi yonida turibdi. Shu lavha tufayli bo‘lsa kerak, samarqandliklar “Bibixonim masjidi” deb aytib keladi.
Aslida tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur 1399 yil 29 aprel kuni Hindiston yurishidan Samarqandga qaytib keladi. U Hindistonda bo‘lgan paytida “Men Samarqandga salomat qaytib borsam, anda masjidi jome solg‘ayman”, degan niyatini diliga tukkan. Shu niyat hosilasi sifatida Ohanin darvozasiga yaqin yerda jome masjidi binosiga tamal toshi qo‘yadilar. Bu kun sanasi 1399 yil 11 mayga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Zahiriddin Bobur 1497-1498 yillarda Samarqandda bo‘lganida ushbu jome masjidini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ifodalaydi: “(Temurbek) Ohanin darvozasiga yaqin qal’aning ichida toshdan bir jome masjidi solgan, u yerda aksariyat Hindistondan olib kelingan toshyo‘narlar ishlaganlar. Masjidning peshtoqi kitobasi-yozuvida:” Va’ iz yarfa’u Ibrohim al-qavoida (ilo oxirixi) oyatini shunday yirik harflar bilan yozgandirki, uni bir kuruh (2,5 kilometr)ga yaqin yerda o‘qisa bo‘ladi. Bu ham juda yuksak imoratdir” (Bobur. “Boburnoma”).
Amir Temur jome masjidi qurilishini dastlab shaxsan o‘zi nazorat qilgan. Ammo davlatning g‘arbiy hududlarida yuzaga kelgan vaziyat tufayli yana safarga otlanadi. Qurilish ishlarini davom ettirishni Mahmud Dovud va Muhammad Jald kabi sarkorlar, ya’ni ishboshilarga topshiradi. Ko‘rinadiki, qurilish ishlari Sohibqironsiz va uning nazoratisiz davom ettiriladi. 1404 yilda besh yillik yurishdan keyin Samarqandga qaytgan Amir Temur masjidni ko‘rgach, ko‘ngli to‘lmaydi. Chunki masjidning darvozasi uning yo‘qligida qad ko‘targan Bibixonim madrasasi darvozasidan ancha past bo‘lib, bundan qahri kelgan Sohibqiron masjid darvozasini qaytadan ulug‘vor qilib ko‘tarishga farmon beradi. Aytishlaricha, darvoza yetti xil metall qorishmasidan ikki tabaqali qilib yasaladi va masjidga o‘rnatiladi.
Jome masjidning ta’rif va tavsifi xususida Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlarida tilga olinadi. Mualliflar jome masjidi qurilishida mahalliy ustalar-u muhandislardan tashqari Ozarbayjon, Fors, Hindistondan keltirilgan besh yuz sangtarosh ishlaganligini yozadi. Ular tomonidan 480 ustun toshdan taroshlanganligi, har birining uzunligi yetti gazga teng ekanligi, masjidning poydevoridan to shiftigacha bo‘lgan balandligi 10 gaz bo‘lganligi aniq ma’lumotlarga tayangan holda bayon qilingan. Muarrixlar Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Abu Tohirxo‘ja Samarqandiy “Samariya” asarlarida masjidning ulug‘vorligini, ichki va tashqi toqlariga toshga o‘yilgan Qur’on oyatlari va suralari bilan ziynatlanganligini, ichkari qismi gilamlar, qimmatbaho qandillar bilan bezatilganligini batafsil ta’riflaganlar.
Shuningdek, 1403-1406 yillarda Samarqandda bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaligida ham jome masjidi tilga olingan bo‘lib, u quyidagi ma’lumotni keltiradi: ”Podshoh farmoyishi bilan xotini Kan’yo (Saroymulkxonim) volidasi sha’niga quriladigan masjid shahardagi eng muhim bino bo‘lishi lozim edi. Qurib bitkazilgan masjidni ko‘rgan podshoh oldingi devorining pastqam qilib qurilganidan norozi bo‘ldi va uni buzishni buyurdi. Ishni tezlashtirish uchun podshoh qurilishning bir qismi ustidan shaxsan o‘zi nazorat qilishini aytib, ikkinchi yarmi ustidan nazoratni o‘z ayonlariga topshirdi”.
Jome masjidining asosiy qismini Amir Temur o‘z nazoratiga olganligini Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarining Samarqanddagi jome masjidining qurilishiga bag‘ishlangan bobida shunday yozadi: “Amir Temur o‘sha paytlari ko‘pincha masjid yaqinidagi madrasai Xonim va Tuman Oqo xonaqohida bo‘lur edi”.
Agar yuqorida keltirilgan manbalarning ma’lumotlariga sinchiklab qaralsa, Amir Temur Samarqandda bo‘lmaganida, tugallanmagan jome masjidining qolgan qismini davom ettirish vazifasi Bibixonim zimmasiga yuklatilganda, masjid qurilishida katta xatoliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar edi. Bu xatoliklarga yo‘l qo‘ygan sarkorlar Mahmud Dovud va Muhammad Jaldlar qatl etilmagan bo‘lardi. Haqiqatan ham manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temurning jome masjidi u tasdiqlagan loyiha asosida qurilgan.
Ammo Sohibqiron uning ro‘parasida qurilgan Bibixonim madrasasining loyihasi va qurilishi jarayonini ko‘rmagan. Bu haqda akademik B.Valixo‘jayev ”1404 yilda safardan qaytgan Amir Temur ikki imoratni bir-biriga taqqoslagan, o‘zi qurdirgan jome masjididan ko‘ra Saroymulk xonim qurdirgan madrasaning hashamatli ekani uning izzat-nafsiga tekkan va oqibatda sarkorlardan qasd olgani tabiiy ko‘rinadi”, deya o‘z mulohazasini bayon etadi.
Muallif yana bir o‘rinda “XV asr manbalarining ko‘pchiligida hamda keyingi asrlarda bitilgan asarlarda ham Amir Temur qurdirgan jome masjidining tasvir-tavsifi ancha keng berilgan. U haqda yozilgan she’rlar ham keltirilgan”ligi haqidagi ma’lumotlar ham mavjud ekanligini aytib o‘tadi.
Yana bir gap. Maqolada Amir Temur jome masjidiga o‘rnatilgan hashamatli qo‘sh tabaqali darvoza haqida so‘z yuritgan edik. Eng achinarlisi, Amir Temur vafotidan so‘ng suronli yillar talatumida darvozalar g‘oyib bo‘ladi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, mang‘itlar sulolasining uchinchi hukmdori Amir Haydar o‘sha darvozalarni eritib, pul zarb ettirgan ekan, degan taxminlar uchraydi.
O‘z davrida “Masjidi Jomei buzruk” - Ulug‘ jome masjidi sifatida shuhrat qozongan, Amir Temur saltanatining shuhratini, bunyodkorligini namoyon etgan bu tabarruk inshoot bugun ham Samarqandga ko‘rk berib turibdi.
Amir Temur o‘zi e’tirof etganidek, “Bizning saltanatimiz kuch-qudratiga ishonmasangiz, biz qurgan imoratlarga boqing!” deganda naqadar haq ekanligini birgina mana shu muhtasham inshoot ham tasdiqlab turibdi.
Donishmand al-Ma’mun ko‘plab shaharlarga baho berar ekan, “Movarounnahrning ko‘zi Samarqanddir”, deya yuksak maqom bilan ataydi.
Har gal Amir Temur barpo etgan jome masjidiga ko‘zim tushar ekan, birinchi navbatda inson dahosining mahorati, me’moru naqqosh, duradgoru ustalarning tafakkur qudratiga qoyil qolaman.
Jome masjidida, tarixning o‘chmas sahifasidan so‘zlaydigan yana bir noyob osori-atiqa bor. Bu masjid hovlisi o‘rtasida o‘rnatilgan marmar toshdan yasalgan ulkan lavhdir. U nafis hoshiyalar, turli naqshlar va yozuvlar bilan bezatilgan. Bu lavh buyuk Sohibqironning nevarasi Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan yasatilgan va xalifa hazrati Usmon Qur’oni uchun mo‘ljallangan. Bu lavh hozir ham masjidga ko‘rk berib turibdi.
Yuqoridagi ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, biror manbada jome masjidining qurilishida, bunyod bo‘lishida Bibixonim (Saroymulkxonim) nomi zikr etilmaydi va masjidning unga nisbat berilishi bilan bog‘liq fikrlar yo‘q. Lekin Bibixonimning jome masjidi ro‘parasida bunyod etgan madrasasi qurilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar manbalarda mavjud.
Har qanday sayyoh, Samarqand shahriga kelgan mehmon tarixiy-me’moriy yodgorlik ostonasiga qadam qo‘yar ekan, mazkur inshoot haqida ma’lumot beradigan peshtaxtaga ko‘zi tushadi. Inshoot haqidagi ilk taassurot ana shu lavhadan boshlanadi.
Noxush bo‘lsa-da, bir voqeani aytib o‘tay. Yaqinda Samarqand davlat universitetida bir guruh turk olimlari ishtirokida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ko‘p qatori men ham o‘z ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Yig‘ilishdan so‘ng turkiyalik olimlar bilan qisqa bahs-munozara asnosida bir olim menga qarata “Sizlar o‘z shahringizning tarixini yaxshi bilmaysizlarmi? Nega Amir Temur barpo etgan jome masjidini Bibixonim nomi bilan ataysizlar?”, dedi. Mazkur savoldan ko‘rinadiki, olis yurtdan kelgan bu olim temuriylar davri tarixini yaxshi biladi.
Olisdan kelgan mehmonning savoli beixtiyor ustoz B.Valixo‘jayev bilan bo‘lgan suhbatni yodimga soldi. Mazkur savolga kimdir javob berishi kerak, degan fikrga keldim va o‘z munosabatimni bir maqola tarzida bayon etishga jazm qildim.
Darvoqe, bu muhtasham obida asrlar sinovidan o‘tgan bo‘lib, o‘z bunyodkorining yuksak dididan dalolat beruvchi tilsiz guvohdir. Bu tilsiz guvoh o‘zining o‘tmishi, bunyodkori haqidagi tarixiy haqiqatni sizga so‘zlab bera olmaydi.
Mahkamoy Tursunova,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori.