Andijondagi maktabda pedagoglar kaltaklandi
Andijonda o‘qituvchilarning kiyinish madaniyatiga rioya qilmaganligi bois janjal kelib chiqqan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.
Voqea joriy yilning 5 oktyabr kuni soat 13.30 larda sodir bo‘lgan. Fuqaro U.T. va boshqalar jamiyatda yurish turish qoidasini qasddan mensimasdan, jamoat joyi hisoblangan 50-umumta’lim maktabi binosi hududiga kelib, mazkur maktabda direktor o‘rinbosari lavozimida ishlovchi Sh.O‘rmonov hamda G.Ashurovlar bilan asossiz ravishda o‘zaro janjallashgan. Janjal vaqtida qo‘llari hamda boshqa jismlar bilan ularning turli sohalariga zarbalar berishgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida, maktab direktori o‘rinbosarlari gumon qilinuvchi T.U.ning turmush o‘rtog‘i, mazkur maktabda o‘qituvchi vazifasida ishlovchi Yu.D. kiyinish madaniyatiga rioya qilmaganligi bois tanbeh berganliklari sabab bo‘lgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza ma’lumotnomasiga ko‘ra, Sh.O‘rmonov hamda G.Ashurovlarga qisqa muddatli sog‘liqqa zarar keltiruvchi yengil shikast yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.