Anomal sovuqdan birinchi galda kimlar saqlanishi kerak?
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugundan mamlakatimizga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi.
Natijada 10-15 yanvar sanalarida yurtimizda anomal sovuq kuzatilishi, havo harorati kechalari -12-17 daraja, shimolda tunda -17-22 daraja, Ustyurt va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida esa -25-27 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti.
Xo‘sh, bunday anomal harorat inson salomatligiga qanday ta’sir etadi? Uning zararli oqibatlaridan saqlanish usullari nimalardan iborat?
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova shu haqdagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Qattiq sovuqda ko‘pincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi, — deydi vazir o‘rinbosari. — Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga bunday ob-havo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qiladi.
Shuningdek, bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Ya’ni uydan ko‘chaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.
Qolaversa, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi.
Anomal sovuqda alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin.
Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmagan ma’qul. Aksincha, yog‘li kremlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish kerak. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Iste’mol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25-30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali.
Anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq bo‘lish, bolalar va keksalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etiladi.