Bugungi anomal sovuq kunlar, gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchlisi emas
O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, meteorologik kuzatuvlar tarixida mamlakatimizda bundan-da sovuq qishlar bo‘lgan. Jumladan, 1968-1969 yillarning qishi eng sovuq kelgan. Ushbu qish mavsumida respublikaning ko‘plab hududlarida minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etilgan.
O‘zbekistonning shimoliy hududlarida eng past havo harorati 1972 va 1977 yillarda kuzatilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida ushbu yillarda havo harorati -33 -36 daraja va Ustyurt platosida -38 -40 daraja bo‘lgan.
So‘nggi 50 yil ichida eng uzun va sovuq qish mavsumi 2007-2008 yillarda qayd etilgan bo‘lib, sovuq davr dekabr oxiridan fevral oyining o‘rtalariga qadar davom etgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat 17-22 darajagacha sovuq, ba’zi joylarda 24-26 daraja, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarida 30-33 darajagacha sovuqqa pasaygan.
O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tekislik hududlarda barqaror qor qoplamining shakllanishiga imkon beradigan kuchli qor yog‘ishi kam uchraydi. Iqlimning bu darajada keskin o‘zgarishi (birdan sovib ketishi va uning ortidan isib ketishi) qor tushganda hosil bo‘ladigan qor qoplamining uzoq vaqt davomida yer yuzasida turmasligi va bir necha kun ichida erib ketishiga olib keladi.
Biroq 1969, 1972, 1974, 1982, 1984, 2006 va 2008 yillarda qish faslining sovuq kelishi bilan birga qor yog‘ish davomiyligining ortishi kuzatilgan. Oqibatda ushbu yillarda tekislik hududlarimizda past haroratning uzoq muddat saqlanib qolishi qorning to‘liq erishiga imkon bermasdan, qor qoplami to‘planishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, respublikaning shimoliy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) va janubiy, janubiy-g‘arbiy (Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari) hududlarida qor qoplamining balandligi 15-25 santimetrni, markaziy (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari) va sharqiy (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) hududlarida 30-65 santimetrni tashkil etgan.
Respublikaning tog‘li hududlarida qorning maksimal balandligi 140-180 santimetrga yetgan.
Bugungi kunda yurtimizda davom etayotgan sovuq kunlar gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli sovuq emas. Joriy yilning 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi kuzatilgan sovuq harorati yurtimizga antitsiklon ta’sirida kirib kelgan sovuq havo oqimlarining eng yuqori nuqtasi edi.
Antitsiklon markazi 13 yanvardan boshlab Qozog‘istonning janubiy viloyatlari orqali sharqqa tomon siljimoqda.
Abdug‘ofir Sherxolov tayyorladi.