Anqara muzokaralari: Tolibon ayollarni sog‘liqni saqlash tizimiga qaytardi
Anqaradagi muzokaralarda Tolibon harakati vakillari ayollarni mamlakat sog‘liqni saqlash sohasiga qaytarganliklarini bildirdi, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li.
"Biz Tolibonga bir necha takliflar bildirdik. Tinchlik uchun mamlakatga aholining barcha guruhlari ishtirokida inklyuziv hukumat kerak. Ayollarni jamoat hayotiga, ishga, biznesga jalb qilishni, qizlar ta’lim olishini rag‘batlantirishni taklif qildik. Bu nafaqat G‘arb davlatlarining xohishi, balki musulmon davlatlari amaliyoti va kutilgan natijasi. Bizga ayollar sog‘liqni saqlash sohasiga qaytganini ma’lum qilishdi", dedi Chavusho‘g‘li muzokaralar yakunida jurnalistlarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya barcha takliflarni "katta birodar" pozitsiyasidan emas, balki teng huquqli sherik sifatida ilgari surdi.
Avvalroq, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Qahar Balxiy mamlakat muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaki boshchiligidagi delegatsiya muzokaralar uchun Turkiyaga jo‘naganini aytgandi.