Aqlan charchaydi, jismonan ulgurmaydi: Bir sinfda 40 tadan ortiq o‘quvchi ta’lim olishi haqida jurnalist mulohazasi

Balki ayrim maktablarning bir sinfida shuncha bola tahsil olayotganiga ishonmassiz. Ammo bu holat keyingi yillar tuman markazlari, yirik-yirik shaharlardagi umumta’lim maktablarida ko‘zga tashlanmoqda.

Ayniqsa, reyting ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, biz «prestijniy» - nufuzli deb bilgan aksariyat ta’lim muassasalarida ana shunday - me’yoridan ortiq o‘quvchi qabul qilish holatlari yuzaga kelmoqdaki, bu o‘quvchilarning fanlarni to‘liq o‘zlashtirishi, o‘qituvchining ta’lim standartlari doirasidagi vazifasini risoladagidek uddalashida muammolar tug‘dirmoqda.

Avval ushbu vaziyatning sodir bo‘lish sabablariga e’tibor qarataylik. Mustaqillik yillari viloyatimizning aksariyat qishloqlari, mahallalarida Davlat dasturi asosida zamonaviy ta’lim muassasalari bunyod etildi. Ammo fuqarolarning tuman va qishloqlardan shaharlarga ko‘chib yashashga, mehnat qilishga intilishi kuchayayotgani ayni davrda yuqorida ta’kidlangan yetishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. To‘g‘ri, qaysi bir shahar, tuman markazidagi ta’lim dargohlarida qo‘shimcha binolar, sinflar barpo etilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ushbu sa’y-harakat ham aholining bu talabini to‘la qondirolmayapti.

Yana shuni aytish lozimki, inson hamisha ilm, kasb-hunar egallashga urinadi. Farzandlarini ham shunga undaydi. O‘g‘il yoki qizining yaxshi bir maktabgacha ta’lim tashkiloti, umumta’lim maktabi, kasb-hunar ta’limi dargohi yoki oliy o‘quv yurtida o‘qishini xohlaydi. Bugun ko‘pchilik ota-onalarda ushbu orzu havas ustun kelib, bolalarini tuman va viloyat markazlaridagi ta’lim muassasalarida o‘qitish istagi ortib bormoqda. Misol uchun, hozirda Samarqand shahridagi aksariyat maktablarda o‘z hududidagi mahallalardan tashqari, yaqin tumanlardan qatnab o‘qiydigan o‘quvchilarni ham uchratasiz.

- Bir sinfda 40 taga yaqin, ba’zida 50 tagacha o‘quvchi bilan dars mashg‘ulotlari o‘tishga majbur bo‘lyapmiz, - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri. – Bu o‘rinda bir fan bo‘yicha ajratilgan dars soati mobaynida barcha o‘quvchilar bilan individual shug‘ullanish imkoniyatimiz chegaralanib qolyapti. Birinchidan, har bitta o‘quvchining darsga tayyorgarligini tekshirishga, bilimini baholashga ulgurolmayapmiz. Uning ustiga 30-35 o‘ringa mo‘ljallangan sinfga ortiqcha 10-15 nafar o‘quvchini sig‘dirishga, bir o‘quv partasiga uchtalab bola o‘tqizishga to‘g‘ri kelmoqda.

- Ta’lim maskanimiz shaharning oldi maktabi, o‘qituvchilarimizning salohiyati ham maqtovga arzigulik, - deydi maktab direktori. – Shu bois shaharda ham, tumanlarda ham farzandini muassasamizda o‘qitish istagida bo‘lgan ota-onalar soni ko‘p.

Fikrimizcha, umumta’lim maktablarida, ularda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar orasida raqobatning bo‘lishi yaxshidir balki. Lekin bu raqobatning ijobiy bo‘lishi - o‘quvchilarning fan sirlarini har tomonlama puxta egallashi uchun zarar yetkazmasligi kerak. Qolaversa, bir sinfda 3-4 soatlab me’yoridan ortiq bola o‘tirishining sanitariya-gigiyenik hamda vaqti-vaqtida toza havo bilan ta’minlanish imkoniyati bo‘lmasligi jihatidan o‘quvchi sog‘ligiga aks ta’sir etishi holatlari ham mavjud.

Har o‘quv yili boshlanganida ota-onalarning ushbu muammoni bartaraf etish, me’yoridan ortiq o‘quvchilar uchun qo‘shimcha sinf tashkil qilish to‘g‘risidagi murojaatlariga ta’lim mutasaddilari sinflar yetishmasligi, qo‘shimcha bino qurish, yangi o‘qituvchi tayinlashni moliyalashtirish masalalariga olib borib taqashadi. Moliya vazirligi mablag‘larini yo‘naltirish bilan bog‘liq ayrim muammolarni ro‘kach qilishadi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham kelajak avlod kamoloti, har tomonlama rivojlanayotgan jamiyatimizda yoshlarimizning munosib ta’lim-tarbiya olishiga to‘siq bo‘layotgan bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish lozim. Xalq ta’limi hamda moliya muassasalari mutasaddilari ushbu masalalar o‘quv yilining yakuniy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, yangi o‘quv yili rejasiga mazkur muammoni yechish choralarini bugundan izlash lozimligini o‘ylab ko‘rsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV.