AQSh Eronga qarshi urush ochadimi?

AQSh mudofa vazirligi - Pentagon Erondan bo‘layotgan xavf tufayli AQShning 120 ming harbiylari va shunga monand harbiy texnikalarini Yaqin Sharq va Fors Ko‘rfaziga jo‘natish rejasini allaqachon tayyorlab bo‘lgan. Bu haqda "Nyu York Tayms" AQSh Mudofa vaziri Patrik Shanaxanga yaqin bo‘lgan Mudofa vazirligining yuqori lavozimli mulozimlariga tayanib xabar bergan.

Manbalarning xabar berishlaricha Shanaxan o‘sha reja yozilgan hujjatni 9 may kuni AQSh prezidenti Donald Trampning mudofa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchilari bilan xavfsizlik masalalari muhokama qilinganda oshkor qilgan. Rejaning mualliflaridan biri Trampning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Djon Bolton hisoblanadi.

"Nyu-York Tayms"ning yozishicha hujjatda keltirilgan va lozim topilganda Yaqin Sharq va Fors ko‘rfaziga jo‘natilishi rejalashtirilgan harbiy xizmatchilar sonining ko‘pligi ko‘pchilik mas’ul amaldorlarni hayron qoldirgan. Sababi, hujjat rejasida xavfsizlikka tahdid tug‘ilganda asosan "harbiy aviatsiyadan samarali foydalanish" nazarda tutilgan. "Unda buncha harbiyni nega jo‘natish rejalashtirilgan?" deb ko‘pchilik Pentagonning harbiylar sonini nega oshirib yuborganiga o‘z taajjubini bildirgan.

6 may kuni Fors ko‘rfaziga "Eronning tahdidlariga munosib javob berish" uchun AQSh Mudofaa vazirligi maxsus guruhini jo‘natgan edi. Bundan tashqari, Pentagon Yaqin Sharqqa yana qaytadan Patriot raketa komplekslarini o‘rnatishni mo‘ljallayapti.

Eslatib o‘tamiz, Tramp hokimiyat tepasiga kelgandan beri AQSh-Eron munosabatlari tobora chigallashib borayapti.