AQSh mamlakat hududida ilmiy tadqiqot olib borayotgan xitoylik xodimlar va talabalarni ”tozalash”ga kirishdi

AQSh Adliya vazirligi Amerika universitetlarida faoliyat olib borayotgan tadqiqotchi va talabalarni tekshirishni boshlamoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg.
AQSh fikricha, aslida Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi a’zolari bo‘lgan ko‘plab tadqiqotchi va talabalar AQSh hududida o‘zlarining Xitoy harbiy kuchlariga aloqadorligini yashirgan holda faoliyat olib bormoqda va ular Xitoy kommunistik partiyasiga ishlashmoqda. «Bu Xitoy kommunistik partiyasining ochiq jamiyatimizdan va ilmiy muassasalardan foydalanish rejasining yana bir qismi. Biz ushbu tergovni FQB bilan birgalikda davom ettiramiz», deb ta’kidladi Bosh prokurorning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Demers o‘z bayonotida.
Avvalroq, AQSh viza arizasida yolg‘onchilikda ayblangan Devisdagi Kaliforniya universiteti ilmiy xodimi Xuan Tangni hibsga olgandi va bu voqea AQSh-Xitoy munosabatlarining yomonlashuvini yana bir muhim nuqtasi sifatida qabul qilingandi. Xuan Tangga, shuningdek, AQSh intellektual mulkini o‘g‘irlash va Xitoy kommunistik partiyasiga aloqadorlik singari ayblar qo‘yilmoqda.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa ushbu voqealarga nisbatan noroziligini bildirgan va AQSh hukumatidan zudlik bilan xitoylik tadqiqotchilar va talabalarni tekshirishni to‘xtatishni talab qilgan.
AQSh Adliya vazirligi esa o‘z bayonotida yana 25 shaharda tadqiqotchilik uchun viza olgan xitoyliklar bilan suhbat o‘tkazganini ma’lum qilgan. Bayonotda, shuningdek, Kaliforniya, Stenford va Indiana universitetlarida tadqiqot uchun yolg‘on ma’lumotlar asosida viza olgan tadqiqotchilarga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum qilingan. Ularning barchasi avval Xitoyda harbiy sohada ishlagan va hozirda ham aynan Xitoy harbiylari va kommunistik partiyasi uchun ishlayotgan bo‘lishlari mumkin.