AQSh O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi kurashish uchun 2 million dollar ajratdi

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19 ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi. Buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga beriladi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Bu mablag‘ COVID-19 testlari uchun laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalar sotib olishga sarflanadi.

Shuningdek, ajratilgan mablag‘ CDC Atlantada ochganiga o‘xshash O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida shoshilinch tibbiy operatsiyalar markazini tashkil etish maqsadida tegishli jihoz xarid qilish va trening o‘tkazishga sarflanadi.

CDC chegara kirish punktlarida tekshiruvdan o‘kazish uchun texnik ko‘mak ham beradi. Bu esa mamlakatning chegaralarda shaxslarni aniqlash va javob qaytarish qobiliyatini mustahkamlaydi.