AQSh Senati koronavirusga qarshi kurashish uchun 8,3 milliard dollar ajratadigan bo‘ldi

AQSh Senati koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun 8,3 milliard dollar ajratishni ma’qulladi. Bu haqda CNN telekanali xabar bermoqda.

Kanalga ko‘ra, tegishli qonun loyihasida koronavirusga qarshi kurash uchun 7,8 milliard dollar ajratish, shuningdek, teletibbiyot uchun 500 million dollargacha qo‘shimcha xarajatlar ko‘zda tutilgan. 7,8 milliard dollardan 3 milliard dollari vaksinalar, tezkor testlar va terapevtik vositalarni tadqiq qilish va ishlab chiqishga sarflanishi rejalashtirilgan. Virusning AQShdan tashqarida tarqalishiga qarshi yordam uchun 1,25 milliard dollar sarflanadi. Dori vositalari va dori-darmonlarni sotib olishga deyarli 1 milliard dollar ajratiladi.

Kongress tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi Prezident Donald Trampga imzo chekish uchun Oq Uyga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 31 dekabr kuni Xitoy hukumati Uxan shahrida yangi tipdagi koronavirus tarqalganini e’lon qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda virusni yuqtirgan odamlarning umumiy soni 97,2 ming kishini tashkil etadi. Shu bilan birga 54 965 kishi davolanib, 3 327 kishi vafot etgan.