AQSh shtatlarida anomal ob-havo tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
Texas va AQShning boshqa shtatlarida kuchli qor yog‘ishi tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Texasda so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt davomida eng past harorat qayd etildi. Ba’zi joylarda termometr -18 C ga tushib ketdi.
Odatda issiq havo hukm surgan Tennesi, Texas, Kentukki va Luiziana shtatlaridagi bo‘ron tufayli 11 kishi halok bo‘ldi. Shimoliy Karolinada xuddi shu bo‘ron tufayli sodir bo‘lgan tornado 16 fevral kuni erta tongda uch kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Jabr ko‘rgan shtatlar qatoriga Missisipi, Alabama va Oklaxoma ham kiradi. Mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Oregon shtatida ham ob-havo juda yomon.
Faqat o‘tgan yakshanba kuni Xyustonda 120 ga yaqin yo‘l-transport hodisalari qayd etildi. Qor bo‘roni paytida Oklaxoma Siti yaqinidagi katta trassada sodir bo‘lgan avariyada bir nechta yuk mashinalari yonib ketdi.
Sovuq havo hatto Shimoliy Meksikaga yetib bordi, u yerda 4 milliondan ortiq uy va korxona elektrsiz qoldi. Milliy ob-havo xizmati 150 milliondan ortiq amerikalik (mamlakat aholisining taxminan yarmi) qattiq bo‘ron kutilayotgan hududlarda istiqomat qilishini aytmoqda.
Hukumat odamlarga imkon qadar sayohat qilishdan cheklanishini maslahat bermoqda. Aeroportlar vaqtincha yopilgan.