AQShda jurnalistlarga hujum qilgan politsiyachilar xizmat vazifalaridan chetlashtirildi

Vashingtonda Oq uy yonida sodir bo‘layotgan norozilik namoyishlarini yoritayotgan Avstraliyaning 7 News telekanali muxbiri va operatoriga hujum qilgan ikki nafar politsiyachi sodir bo‘lgan vaziyat o‘rganilib chiqilguniga qadar o‘z xizmat vazifalaridan chetlashtirildi, deb xabar berdi AQSh politsiya boshqarmasi.
“Bizda o‘rnatilgan qoidaga asosan, ikki nafar AQSh politsiyachisi, avstraliyalik jurnalistlar bilan bog‘liq bo‘lib o‘tgan hodisaga oydinlik kiritilguniga qadar, ma’muriy vazifalarni bajarish bo‘limiga o‘tkazildi”, deyilgan politsiya boshqarmasining Tvitter sahifasida.
Avstraliyaning 7 News telekanali muxbiri Ameliya Breys va operator Tim Mayers Vashingtondagi Oq uy yonida sodir bo‘layotgan norozilik namoyishlarini yoritayotgan vaqtida politsiya tomonidan hujumga uchragan edi. Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison mamlakatning Vashingtondagi elchixonasidan AQSh politsiyachilari tomonidan amalga oshirilgan hujum tafsilotlarini o‘rganishni va nazoratga olishni so‘radi.