AQShda namoyishchilar Kolumb xaykalini yiqitishdi

Virjiniya shtatining Richmond shahridagi namoyishchilar Xristofor Kolumb xotirasiga o‘rnatilgan xaykalni yiqitib, ko‘lga tashlab yuborishdi. Bu haqda mahalliy WRIC telekanali xabar berdi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 9 iyun kuni kechqurun Berd Park bog‘i ichida mingga yaqin namoyishchilar yig‘ilgan. Namoyish dastlab tinch o‘tayotgan bo‘lgan. Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 20:30 (Toshkent vaqti bilan 05:30) atrofida namoyishchilar arqonlar yordamida xaykalni yiqitishgan. So‘ng yodgorlikni bog‘ yonida joylashgan ko‘lga sudrab borishgan va suvga uloqtirishgan.
Namoyishchilardan birining ta’kidlashicha, bunday tadbirning amalga oshirilishi oldindan rejalashtirilmagan bo‘lgan.
So‘nggi bir necha kunlardan beri afroamerikalik Jorj Floyd o‘limi sababli AQShning ko‘plab yirik shaharlarida norozilik namoyishlari avj oldi. O‘tkazilayotgan norozilik namoyishlari ommaviy tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘lmoqda.