AQShning Afinadagi elchixonasiga “molotov kokteyllari” bilan hujum uyushtirildi

Chorshanba kuni tunda namoyishchilar va politsiya xodimlari o‘rtasida AQShning Afinadagi (Gretsiya) elchixonasi yonida to‘qnashuv yuzaga keldi. Bu haqda Gretsiyaning ERT telekanali xabar berdi.
AQShda vafot etgan afroamerikalik Jorj Floyd o‘limiga qarshi namoyishlar parlamentdan tashqari, “Antarsiya” va “Xalq birligi” partiyalari tomonidan uyushtirildi. Ma’lumotga ko‘ra, namoyishda bir necha ming odam ishtirok etgan.
Norozilik namoyishi tinch o‘tayotgan bir vaqtda bir guruh yosh namoyishchilar Amerika elchixonasi yonida turgan politsiya xodimlariga qarata tosh va shishaga solingan yonuvchi moddalar (“molotov kokteyli”) uloqtirishni boshlagan.
Bunga javoban politsiya xodimlari yoshlantiruvchi gaz qo‘llashgan. Yosh namoyishchilar bir qancha joyning alanga olishiga sabab bo‘lgan. Ayni vaqtda elchixona yonidagi vaziyat nazoratga olingani va avtomobil qatnovi tiklangani haqida xabar qilinmoqda.