Farhod ALIMXODJAYeV, Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i: Askarlikka munosib yigitlar boradi
- Keyingi ikki-uch oy ichida harbiy xizmatga chiqariluvchilar bilan har bir tumanda o‘zim suhbatlashib chiqdim. To‘g‘risi, ayrim yigitlarimizning fikrlash qobiliyati, bilim darajasi meni qoniqtirmadi. Ular Amir Temur asarlarida askarlikka oid keltirilgan xulosalardan xabardor emas.
Shahar va tuman hokimlari mudofaa bo‘limlarida chaqiriluvchilar bilan ishlash uchun imkon darajasida yordam berishdi. Ammo chaqiruv komissiyasiga jalb etilgan rahbarlarning ba’zilari o‘z o‘rinlariga oddiy xodimlarini jo‘natishi holati mavjud.
Ayniqsa, tibbiy komissiyalarimiz faoliyati talabga javob bermaydi. Unga ko‘pincha ishi kamroq shifokorlar jalb etiladi. Shu sababli o‘tgan chaqiriqdan sog‘lom deb o‘tkazilgan 8 nafar yigit turli kasalliklari tufayli harbiy xizmatdan qaytib keldi. Bu holat bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘ygan vrach-mutaxassis ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Viloyat chaqiruv punktida viloyat hokimining yordami bilan ota-onalar, jamoatchilik oshkora kuzatib borishiga sharoit yaratilmoqda. Boshqarmamizning +99897-927-08-04 raqamli telegrami ishlab turibdi. Bu galgi chaqiruvni adolatli o‘tkazishga harakat qilamiz.