Asl erkakni ayol tarbiyalaydi

O‘zini qadrlaydigan ayollarni yaxshi ko‘raman. Ayol fitratida xudbinlik bo‘lishi kerak...

Qiz bola dunyoga kelgan kunidan boshlab uydagilarning diqqat-e’tiborida. O‘zining ham nazaridan hech narsa chetda qolmaydi. Mitti qo‘lchalarini cho‘zib, shirin tabassumi bilan hammani “eritadi”. Otalarning poyabzalini yaltiratib qo‘ygan ham, onalarning og‘irini yengil qilgan ham shular. Voyaga yetar ekan, oilada hammaning xavotiriyu hadigiga aylanadi. Qiz bola-da!

Birinchi marta sovchilar so‘roqlashi oilani bir qalqitadi, hamma bir-biridan ko‘zini olib qochadi. Azaliy taqdir “birovning xasmi” deb atalsa-da, odam o‘zining qiziga istisno istab qolarkanda. Demak, qiz bola doimo oilaning ardog‘idagi omonat.

Kun kelib uzatiladi. Endi o‘zining uyi, ro‘zg‘ori bor. Garchi bildirmasada, qaynona ich-ichidan bolasidan ortiq suyadi kelinini. Qaynota-ku doim kelin tomonida: “Birovning bolasi o‘ksimasin”.

Yigit zimmasiga oilani olgach, ayol nomli xilqatning bosh egasi bo‘lib qolmay, ko‘nglining, xayollarining ham egasiga aylanadi — “boshida egasi bor”. Turmushda nimaiki achchiq-chuchuk bo‘lsa, shu egalik nuqtai nazaridan muammolar bartaraf etiladi. Farzandlar tug‘ilib, tashvishlar kattargani sari ayol yanada ko‘proq e’tiborda. “Onajon, darsimga yordam bering”, “Onajon, kiyimimni dazmollab bering”, “Onajon...” Onalik maqomining shirin tashvishlari... Qachon e’tibordan qolibdi ona degan ulug‘ zot.

Farzandlari ulg‘aya borgach, egasining ardog‘iga ularniki ham qo‘shiladi — “onamni davolatishim kerak”, “onam xavotir oladi, uyga erta borishim kerak”.

Hayotda bu. Ba’zan ayollar umrining qaysidir chorrahasini yolg‘iz kesib o‘tadi. Yaqinlari bu kemtiklik, yolg‘izlik, egasizlikni bildirmaslikka urinadi, e’tiborini kuchaytiradi. Shu o‘rinda “Galatepalik avliyo” filmidagi bir lavhani yodga olsak. Beva ayolga sovchi kelganida, u “Boshimda o‘g‘lim bor, bilmasam”, deb javob qiladi. Demak, u turmush o‘rtog‘idan keyin shu norasida bolasiga yukinyapti. O‘z o‘rnida uni oilaning yagona erkagi sifatida tarbiyalayapti. Hatto men ham sening qo‘lingdaman, deb o‘rgatayapti unga. Asli hamisha, hamma zamonda asl erkaklarni ONAlar tarbiyalagan. Shuning uchun ular hech qachon yolg‘iz emas.

O‘zbek ayoliga baho berganda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asaridagi Kumushbibini ko‘p tilga olamiz. Erining uylanishiga “Men ko‘ndim!” deydi. Otabek bir sapchib tushadi. Kumushbibi yig‘lashi, to‘polon qilishi mumkin edi. U buni qilmadi. Kuchini ham, farosatini ham shu ojizligida namoyon etdi. Mana ayol! Bunday ayollar muhabbatga, sharaflanishga loyiq. Kimdir uni baxtini boy berib, qurbon bo‘lgan ayol sanar, ammo aslida u eng aqlli, egasi nazdida yanada yuksalgan ayoldir.

Qizlardagi o‘ktamlik, shijoat hamisha hayodan oziqlanadi. Barchinoyning kuyov tanlashda qo‘ygan shartlarini olaylik — har bir shartida o‘ktamlik pardasiga o‘ralgan qizlik hayosi, ilinji, iltijosi va g‘ururi sezilib turadi. U bo‘ldi, Alpomish shuncha yo‘ldan men uchun keldi, u bilan ketaman, demadi. Unga sovchi qo‘yganlarning izzat-nafsi uchun ham shart qo‘ydi. Alpomishning g‘olib bo‘lishiga ishonchi bo‘lsa-da qalmiq elining bahodirlari oldida xavotiri ham bor edi. Lekin adolatga darz ketmasligi ayol nazdida birinchi o‘rinda turdi.

Yoki shu dostondagi butun asarni harakatga keltirgan, hatto Alpomish va Barchinoy, Qalmiq yurt taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan Qaldirg‘och obraziga to‘xtalsak. Boysari akasidan arazlab, ko‘chini olib Qalmiqqa ketdi. Alpomishday botir “Bir xotin deb olti oylik yo‘lga boramanmi”, deb o‘tiribdi. Shunda Qaldirg‘och “Oring qani, g‘ururing qani, erkak bo‘lsang, chechamni olib kelasan!” deydi. Mana, butun dostonga kuch bergan munglig‘gina obraz.

“Ertaga saroydan o‘zingizga kerakli barcha narsani olib, uyingizga keting!” degan so‘zni Amiriydan eshitgan Nodirabegim uxlab yotgan erini aravaga ortib, yo‘lga tushadi. Uyg‘onib ketgan umr yo‘ldoshiga “Saroyda o‘zimga kerakli Sizdan boshqa narsa topmadim”, deb javob beradi. Ayollar doimo o‘tkir fasohati bilan erkaklarning ko‘nglidan joy olishgan. 

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. So‘z boshida aytilganidek, ayol o‘zini yaxshi ko‘rsa, oilasini, farzandlari voyaga yetayotgan jamiyatni yaxshi ko‘radi. Shu jamiyat rivoji yo‘lida AYoL bo‘lib yelka tutib beradi.

Manzura ShAMS.