Atrof-muhitga yetkazilgan zarar bo‘yicha jamoatchilik vakillarining ishtirok etish imkoniyatlari ortadi

O‘zbekistonda atrof-muhit muhofazasi va ekologik huquqlar himoyasi yangi qonuniy asosga ega bo‘ldi. Oliy Majlis Senati ushbu sohada jamoatchilikning odil sudlovga murojaat qilish huquqi mustahkamlangan qonunni ma’qulladi.

Senatning kecha, 22 fevral kuni davom etgan to‘rtinchi yalpi majlisida “Atrof-muhit bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyatini, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Orxus, 1998 yil, 25 iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun muhokama qilindi. Qonun 2024 yil 11 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.

Ushbu hujjat 1998 yil 25 iyun kuni Daniyaning Orxus shahrida Yevropa Iqtisodiy Komissiyasiga a’zo mamlakatlar tomonidan imzolangan xalqaro konvensiya hisoblanadi. Konvensiya insonning sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqini himoya qilish, ekologiyaga oid axborotdan erkin foydalanish, atrof-muhitga ta’sir etuvchi qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, shuningdek, ekologik masalalar bo‘yicha sudlov tizimiga murojaat etish imkoniyatini kuchaytirish kabi muhim tamoyillarni o‘z ichiga oladi.

To‘rtinchi yalpi majlisda xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatlari ham videokonferensaloqa orqali ishtirok etib, qonun loyihasi yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, senatorlar qonunni ma’qulladi.

Orxus konvensiyasiga qo‘shilish O‘zbekistonda ekologik siyosatni xalqaro standartlarga muvofiq ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi, jamoatchilikning ekologik masalalar bo‘yicha faol ishtirokini rag‘batlantiradi va atrof-muhitga yetkazilayotgan zararlar uchun javobgarlikni kuchaytiradi.

Mavlon Boboxonov,
xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashi deputati.