Attestatsiya yakuni: Shunchaki mag‘lubiyatmi yoki jarohat?

Bugun o‘qituvchining yelkasidagi mas’uliyat og‘ir. Albatta, keyingi vaqtda o‘qituvchi mehnatini qadrlash, ular uchun imkoniyatlar eshigini keng ochish, munosib ish va yashash sharoiti bilan ta’minlash maqsadida g‘amxo‘rliklar yaratilmoqda.

Bu g‘amxo‘rliklardan maqsad jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirishgina emas, bu kasb sohiblarining o‘z nomiga munosib, sohaning chinakam fidoyilariga aylantirish, tom ma’noda ustozlik sharafini tiklashdir. Shu nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak, yaratilayotgan imkoniyatlar aslida mas’uliyatdir.

Ta’limda o‘qituvchining bilimi, mahorati va fidokorona mehnati juda muhim. Shu boisdan ham soha xodimlarining doimiy o‘z ustida ishlashi, nafaqat kasbiy, balki o‘z mutaxassisligi borasida ham bilim-mahoratini oshirib borishi talab etiladi. O‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha nafaqat mamlakat, balki dunyo miqyosidagi har bir yangilikdan to‘la boxabar bo‘lishi, ularni o‘zlashtirishi, bevosita dars jarayonida qo‘llay bilishi, shu bilan birga aloqador fanlar, zamonaviy o‘qitish usul va uslublari, axborot-kommunikatsiya bilimlarini o‘zlashtirishi, xullas, zamon bilan hamqadam bo‘lishi zarur. Agar bu talablarni (yashab turgan hududimizni hisobga olgan holda) qishloq hayoti o‘y-tashvishlariga mushtarak holda his etadigan bo‘lsak, bugunning o‘qituvchisi zimmasidagi vazifalarning yuki unchalik yengil emasligi yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Mana endi maqolamizning asl maqsadi – bu yilgi attestatsiya va uning yakunlari haqida fikr yuritsak.

2022 yildan boshlab pedagoglar attestatsiyasi bir yilda ikki marta o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2022 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan sinovlar “Imtihon.tdi.uz” sayti orqali real vaqt rejimida efirga uzatib borilgan. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir ma’lumot e’tiborimni tortdi. “Oyina.uz” saytida e’lon qilingan ma’lumotda: “O‘zbekistonda attestatsiyada qatnashgan 20 mingdan ortiq pedagog “mutaxassis lavozimiga muvofiq emas” deb topildi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma’lum qildi, deya e’tirof etilgan. Aniqrog‘i, “Yakuniy natijalarga ko‘ra, attestatsiyadan o‘tgan jami o‘qituvchilardan 20 ming 30 nafari (7 foiz) “Mutaxassis lavozimiga muvofiq emas”ligi to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Shuningdek, 61 489 (22,1 foiz) nafar pedagog o‘z ixtiyori bilan navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etib, past natija qayd etgan...” Tabiiyki, bu 22,1 foiz o‘qituvchiga nisbatan salbiy qarorlar qabul qilinmagan, ya’ni ularning amaldagi toifasi pasaytirilmagan. 

Ushbu ma’lumotlardagi yana bir jihat e’tiborga molik. Ma’lumot yakunida e’tirof etilishicha, 2022 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida ijobiy natija qayd etgan pedagoglar salmog‘i hududlar kesimida tahlil qilinganda Xorazm, Navoiy va Namangan viloyati o‘qituvchilari yuqori natija qayd etgan. Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari vakillari boshqa viloyatlarga nisbatan pastroq natija ko‘rsatgan.

Mana shu tahlillar bilan tanishish jarayonida xayolimdan juda ko‘p va og‘ir fikrlar kechdi. Avvalo, tahlillarda Samarqand viloyatining ishtiroki haqida na ijobiy va na salbiy fikrlar bor. Bu butun soha xodimlari tomonidan birdek qabul qilinmagani ham tabiiy. Ular, avvalo, salbiylar safida emaslikdan yengil tortishgani aniq. Ammo ijobiylar safida ham yo‘q ekani-chi? Bu fikr qancha kishini o‘yga toldirdi ekan?

Ochig‘i, men mana shu o‘yga tolganlar ko‘pchilik bo‘lishini istar edim. Ammo bunga ham to‘la ishonch hosil qilish qiyin, albatta. Nega deysizmi? Chunki, biz hamon yuzaki ishlash prinsipidan to‘la voz kecholganimiz yo‘q. Bu holat faqat ta’lim sohasida degan fikrdan mutlaqo yiroqman.

O‘qituvchilarimiz orasida o‘z darsiga faqat majburiyat yuzasidan yondashadiganlar hamon ko‘pchilikni tashkil etadi. Sohaga jon-dilini baxsh etadigan fidoyilar barmoq bilan sanarli darajada. Buni umumiy o‘rta ta’lim maktablari bo‘yicha olib borilayotgan monitoringlardan ham yaqqol his etish mumkin.

Keling, bir oddiy holatga e’tibor qarataylik. Hozirgi kunda hatto olis qishloqlarda ham qayta qurilmagan yoki to‘liq rekonstruksiya qilinmagan maktab binolari deyarli qolmadi. Bir xil sharoit, bir xil imkoniyatlarga ega bo‘lgan maktablar orasida o‘qitish sifati va samarasi bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan ta’lim muassasalari esa afsuski juda kam. Bu tafovutni yana bir maktabdagi umumiy fanlarning o‘qitilishi, hatto, sinflar qiyosida ham kuzatish mumkin. Deylik, bitta maktabda qaysidir fanga o‘quvchilar katta qiziqish bilan bog‘langan. Lekin boshqa bir fan bo‘yicha o‘zlashtirishlar darajasi juda past. Bu esa avvalo, pedagog kadrlarning bilimi, salohiyati va kasbiy mahoratini aks ettirmaydimi?

Albatta, bu borada ota-onalarning e’tibori, bolalarning iqtidori va intilishi ham muhim. Ammo, biz avvalo, bilimdon, o‘z kasbini sevadigan, mahoratli pedagoglarga hamon muhtojmiz. Bu yilgi dastlabki attestatsiya natijalarida e’tirof etilgan salbiy raqamlar esa mag‘lub o‘qituvchilar ta’kidlaganidek, shunchaki mag‘lubiyat emas, aslida ko‘pdan buyon bizni tark etmayotgan jarohatdir. Jarohatga o‘z vaqtida shifo topilmasa, uning asorati og‘ir bo‘ladi.

Muqaddam Hayitova,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.