Avtobus texko‘rikdan istalgan payti o‘tadimi? Yo‘lovchilari bilanmi?
Samarqand shahrida avtobusda yurganlar biladi, kunda-kunora yo‘lovchi tashish avtobuslari quvlashmachoq o‘ynaydi. Go‘yoki, ular avtobusda odam tashish bilan shug‘ullanmaydi, aksincha, kimuzarga poyga o‘ynaydi.
Agar ortidan shu yo‘nalishda boshqa avtobus kelayotgan bo‘lsa bormi, konduktor yo‘lovchilarga: “Tezroq tushinglar yoki tezroq chiqinglar”, deb do‘q uradi.
Avtobus haydovchilari tezlikni oshirib haydashi haqida ko‘p bor aytildi, ammo hech qanaqa natija ko‘rinmayapti. Yo‘nalishim to‘g‘ri kelgani uchun, doimiy ravishda shahar ichida qatnovchi 99-avtobusda ko‘p yurishimga to‘g‘ri kelgan. Undayam shu ahvol. Bir kuni tezlikni oshirmaslik haqida tanbeh bersam, haydovchidan «unday bo‘lsa orqa tomonga borib turing», degan gapni eshitdim. Katta yoshdagi kishilar, yosh bolali onalar tomonidan ham bir necha marta norozilik mazmunidagi fikrlarga haydovchi parvoyi palak.
Bir kuni yo‘lovchilarga to‘la, o‘sha raqamli yo‘nalishdagi avtobus garajga qarab haydab yuborsa bo‘ladimi?! Avtobusda ozroq nosozlik bor ekan, shuni ko‘rsatib, tuzattirib, keyin yana yo‘lida davom etdi.
- Oldin ham shunaqa qilgandilaring, yo‘lovchining hurmati yo‘qmi, - dedi avtobusdagi otaxon. – Axir avtobusni ertalab ko‘rikdan o‘tkazib, so‘ng ishga chiqmaysizlarmi?
Ammo bu gaplar havoga uchganday bo‘ldi, na haydovchi, na konduktor biror fikr bildirmadi.
Gulhayo ASATULLAYEVA.