Avtobuslarda 100 so‘mdan urib qolish qachongacha davom etadi?

Havoning issig‘ida ham, sovug‘ida ham avtobusda yurish qiyin. Ayniqsa, tik oyoqda turish tinkani quritadi. Iloj qancha, hozir taksiga beradigan 5 ming so‘m pulga uch marta avtobusga chiqsa bo‘ladi. Ammo bir so‘m tejayman, deb avtobusga chiqsangizu qaytim ololmasangiz alam qiladi.

Yaqinda bir ayol avtobusdan tushayotgan edi. Haydovchi “Kelasi safar chiqqaningizda 500 so‘m kam berarsiz”, deb avtobusni yurgizdi. Yo‘lovchi esa 5 ming so‘mlik puliga 3 ming so‘m qaytim va haydovchidan zarda ham eshitib oldi. 

Men yo‘l kira narxi oshibdi-da, deb o‘yladim. Manzilga yetganda yo‘l kira narxi o‘zgarmaganini payqadim va haydovchi doimgidek maydam yo‘q, deb  menga yana 100 so‘m qaytim bermadi. Bu mavzuda juda ko‘p gapiriladi. Ammo nega bularga hech kim chora ko‘rmaydi?

Samarqandda ilk bor avtobusga chiqqanimda yo‘l kira haqi 700 so‘m edi. O‘shanda ham 1000 so‘m bersak, 200 so‘m olardik. Hozir ham ahvol o‘zgarmagan. Avtobus chiptasi 1400 so‘m, chiptachi 500 so‘m qaytim beradi. 100 so‘mdan urib qolish odatiy holga aylanib bo‘ldi.

Bu arzimas pul deb o‘ylashingiz mumkin, ammo hisoblab chiqsam yaxshigina pul bo‘lar ekan. Masalan, bir kunda o‘rtacha 4 marta avtobusga chiqadigan kishiga 100 so‘mdan qaytim berilmasa, bu 400 so‘m pul degani. Bu haftada 2800 so‘m, bir oyda 12 ming so‘m, yiliga 146 ming so‘m bo‘ladi. Axir avtobusdan kuniga yuzlab odam foydalanadi. Bu holatga befarq qarab bo‘lmaydi-ku!

Bobur ShAVKATOV.