Pulini to‘lasang bo‘ldi, buyog‘ini bosaver-mi?

Gap yo‘nalishsiz taksilar xususida bormoqda. Karantin bois yo‘llarda avtobuslar ham qatnamayapti. “Ey, to‘xtang, tuman hududining qaysi yo‘nalishida, o‘z vaqtida avtobus qatnagan o‘zi”, deb aytishingiz mumkin. Bugun kunimiz yo‘nalishsiz taksilarga qolgan. Yaxshiyamki, ularning borligi aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Yuqorida aytganlarimiz masalaning bir tomoni. Xo‘sh, avtobus yo‘q ekan, yo‘nalishsiz taksilarga aholini tashish uchun narxni kim belgilaydi? Haydovchining tibbiy ko‘rigini kim nazorat qiladi? Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, har kim bilganicha yuribdi. “Og‘ayni sen unday qilyapsan, bunday qilayapsan”, deydigan odamning o‘zi yo‘q. Yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga ruxsat berayotgan tashkilotlar shu taraflarini ham hisobga olish kerak emasmi? Yoki shuncha pul to‘lasang bo‘ldi, buyog‘ini bosaver-mi?

Meni ayblashdan oldin, bilsangiz ayting, qachon gaz yoki benzinning narxi ko‘tarildi? Bilishimizcha ko‘tarilmadi. Nega endi yo‘nalishsiz taksilarning narxi oshib ketdi? Ayb karantindami yoki o‘n kunda tuman markaziga bir marta chiqadigan aholidami?
Bunga misollar talaygina. Masalan, “Dehqonobod-Payariq” – 5 ming, “Chelak-Payariq” - 4 ming, “Chelak-mudofaa ishlari bo‘limi” bir qadam yo‘l - 2 ming, qo‘yinki, mashinaga bir minsangiz 2 ming pulingizni qoqib olyapti.

Hozirgi sharoitda aholi charchagan, karantin cheklovlari qiynab qo‘ydi. Eshityapmiz, ko‘ryapmiz ko‘pchilik bunday narxlardan e’tiroz bildiryapti. Arzini kimga aytishni bilmayapti. Ular tortishishning foydasi yo‘qligini allaqachon anglab yetishgan. “Puling bo‘lmasa, nima qilasan mashinaga minib”, deydiganlar ko‘p.

Insof bor joyda baraka bo‘ladi, degan gap bekorga aytilmagan. Birovni norozi qilib, o‘n so‘m topgandan, rozi qilib bir so‘m topganning qadri, qiymati boshqacha. Bu birgina tumandagi gaplar... Ishonmasangiz, bir taksiga o‘tirib ko‘ring!

Husniddin RAHMATOV.