Avtobuslardagi asabbuzarliklarning adog‘i bormi?

“Samarqand” avtoshohbekati orqali Qo‘shrabotga ketmoqchi bo‘lib, shahar markazidan “So‘g‘diyona – “Samarqand” avtoshohbekat” yo‘nalishida qatnovchi avtobuslardan biriga chiqdim. Avtobus manzilga yetmasdan soya joyga to‘xtadi va eshiklar ochildi.

- Oxirgi bekat shu yer, - dedi haydovchi.

- Nima uchun? Biz avtovokzalga borishimiz kerak! – deya noroziligini bildirdi yo‘lovchilarning aksariyati.

- Shu yerdan qayrilib olamiz, - dedi yo‘lkirani manzilga yetmasdan yig‘ib olgan pattachi yigit.

- Bu holat avval ham takrorlangan, - dedim jahlim chiqqanini bildirib, haydovchi va uning gapini ma’qullab turgan pattachiga. – Shu 51- va 52-yo‘nalishda harakatlanadigan avtobuslarning aksariyati yo‘lovchilarni manziligacha yetkazmasdan, mumkin bo‘lmagan joydan qaytib ketadi. Vaholanki, bu yo‘lda faqat to‘g‘riga harakatlanish kerakligini bildiruvchi belgi ham bor.

- Uka, kun issiq, to‘g‘ri tushuning, - dedi haydovchi.

Agar avtobusning haydovchiga qulay joyda emas, belgilangan bekatda to‘xtab turganida yoki yo‘lovchilar orasida qo‘lida og‘ir sumkalari bo‘lgan yoshi katta ayol kishi bo‘lmaganida uni to‘g‘ri tushunar edim.

Haydovchining ustidan shikoyat qilib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilsangiz, mas’ullardan “Avtobuslar firmaniki, haydovchilarning oyligi juda kam, ularga tanbeh beradigan bo‘lsak ishni tashab ketaveradi”, degan javobni olishingiz mumkin.

Ammo oddiy aholi deyarli har kuni avtobusga chiqqanida asabiylashadi. Sababi, “plan” bajarilishi uchun issiq bo‘lishiga qaramasdan, avtobuslar bekatlarda uzoq vaqt to‘xtab turadi. Ayrim yo‘nalishi bir xil bo‘lganlari “poyga” o‘ynaydi. Shahardagi deyarli barcha avtobuslar vaqtga qarab yurmaydi, qishda ham, yozda ham quyosh botishi bilan “ini”ga kirib ketadi. Ikki-uch kishi qoladigan bo‘lsa, oxirgi bekatga bormasdan ortiga qaytadi. Buni xizmat mashinalarida yoki shaxsiy avtomobillarida yuradigan “katta” akalar bilmaydi, deysizmi?

Qaniydi, shu “katta”lar bir hafta oddiy aholi orasida, o‘zini tanishtirmasdan avtobuslarda yursa, ularga qo‘shilib asabiylashsa, balki zarur choralarni ko‘risharmidi?!

To‘lqin SIDDIQOV.