Avtomashinalarni xavfli va maxsus tovushlar bilan boshqargan xaydovchilarga chora ko‘rildi

Karantin sababli 5 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Lacetti», «Captiva», «Spark» rusumli avtomobillar Toshkent shahrining Shayxontohur va Olmazor tumanlari ko‘chalarida xavfli tarzda va maxsus tovush va yorug‘lik signallarini ishlatgan holda harakatlanganliklari aks etgan video ommaning muhokamasiga va noroziliklariga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB xodimlari olib borgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu videorolik 21 yoshli avtoelektrik Xusniddin Sh. Va 23 yoshli videomontajchi Mavlonjon M. tomonlaridan joylanganligi aniqlandi.

Rolik joriy yilning 23 fevral kuni Kichik xalqa avtomobil yo‘lida, General Uzoqov va Shifokorlar ko‘chasida yuqoridagi elektrikning xizmatini reklama qilish maqsadida olingan, avtomobillar esa uning tanishlariga tegishli bo‘lgan.

Dastavval videorolik Xusnidin Sh. Tomonidan 1 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarga joylangan, 5 aprel kuni esa nusxalangan.

Transport vositalari haydovchilari aniqlandilar. «Lacetti» (davlat raqami 01 D 515 XA) rusumli avtomobil hozirda 32 yoshli Zafar N.ga tegishli bo‘lib, u mashinani yuqoridagi Mavlonjon M.dan 19 mart kuni (video suratga olingandan so‘ng) xarid qilgan. «Captiva» (davlat raqami 70 Q 111 OA) rusumli avtomobil 24 yoshli qashqadaryolik Toxirbek Sh.ga tegishli. «Spark» (davlat raqami 01 T 077 CA) rusumli avtomobil esa 24 yoshli Azizbek U.ga tegishli.

Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari yorug‘lik va tovush moslamalari noqonuniy tarzda o‘rnatilganligini, shuningdek transport vositalari guruh bo‘lib harakatlanib, bu bilan yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solinganligi faktlarini aniqlashdi.

Qoidabuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127 moddasi (“Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish”) hamda 183 moddasi (“Mayda bezorilik”) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291 moddasiga muvofiq avtomobillar jarima maydonchasiga joylanadi. Tekshiruv davom etmoqda. Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llash masalasi hal qilinmoqda.