Avvalgi buyurtmachidan 100 milliondan ko‘proq qarzimiz bor. Chala qolgan ishni hukumat pul bersa bajaramiz

Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasining javobidan shunday mazmunni anglash mumkin.

Saytimizda xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati B.Rahmonovning 47-umumta’lim maktabining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi bo‘yicha tanqidiy maqolasi berilgan edi.

Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktori Jamoliddin Shamshiyevning imzosi bilan javob xati oldik.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 iyundagi “2018-2019 yillarda Samarqand viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida maktabda qurilish-ta’mirlash loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan.

Pudratchi tashkilot “Bunyod-santexmontaj” MChJ tomonidan ushbu ob’yektda 2 milliard 627,4 million so‘mlik 1-bosqichdagi mukammal ta’mirlash ishlari bajarilgan. Ya’ni, 3 qavatli binoda 21 ta sinfxona va tom qismi mukammal ta’mirlangan. Bundan tashqari, alohida isitish qozoni, ichki quvurlar almashtirilgan, zamonaviy “AKFA” isitish moslamasi o‘rnatilgan.

Bajarilgan ishlar uchun buyurtmachi - Injiniring kompaniyasi tomonidan pudratchi tashkilotga 2 milliard 493 million so‘m moliyalashtirilgan.

Haqiqatdan ham maktabning 2-bosqich kapital tamirlash ishlari boshlanmagan. Mavjud muammoni hal etish yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan.

Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 4 apreldagi “Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2020 yilda qo‘shimcha ijtimoiy va infratuzilma obektlarini shakllantirish va amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 41-sonli bayoniga ko‘ra, viloyatdagi 22 ta umumtalim maktablarini qurilishi uchun 65 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu mablag‘lar ajratilishi bilan Samarqand shahridagi 47-umumtalim maktabida ham qurilish tamirlash ishlari amalga oshiriladi.

Tahririyatdan: Qiziq, javob xatida nimagadir 1-bosqich ishlarini amalga oshirgan pudratchi tashkilotdan yuzaga kelgan 100 milliondan ko‘proq qarzdorlik qanday qoplanishi haqida lom-mim deyilmagan. Endi “Bunyod-santexmontaj” ham “Umidjon gaz-suv qurilish” MChJga o‘xshab qaysi devorga bosh urishni bilmay yuraveradimi?